Surxondaryoda o‘quvchini do‘pposlagan o‘qituvchi, maktab direktori va uning “zam”lari ishdan olindi

Olam

image

Surxondaryoning Bandixon tumanidagi maktabda o‘quvchisini kaltaklagan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi. Unga qo‘shilib maktab direktori va uning ikki o‘rinbosari hamda sinf rahbari ham ishdan olindi. Bu haqda viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Bandixon tumani 4-sonli maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Yu.Sh ning 9-B sinf o‘quvchisi X.I.ni kaltaklangani yuzasidan viloyat XTBning ishchi guruhi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Yu.Sh. 1992 yil 17 avgustda Bandixon tumanida tug‘ilgan, uylanmagan. Ma’lumoti oliy, 2019 yil O‘zbekiston Jahon tillari universitetining Ingliz tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan, 2019 yildan Bandixon tumanidagi 4-sonli maktabga ishga qabul qilingan. 

O‘qituvchi tomonidan o‘quvchini kaltaklagan holati joriy yilning 27 aprel kuni sodir bo‘lgan. 4-sonli umumta’lim maktabining Ingliz tili fani o‘qituvchisi Yu.Sh. o‘sha kuni dars jadvali asosida 9-B sinf o‘quvchilariga dars mashg‘ulotlarini o‘tgan. Dars mashg‘uloti davomida 9-B sinf rahbari E.J. sinf xonaga kirib kelib, 9-B sinf o‘quvchilarining o‘zaro janjalini ijtimoiy tarmoqqa kim tarqatganini muhokama qilgan. 9-B sinf o‘quvchisi X.I. 9-B sinf rahbari E.J. va Ingliz tili fani o‘qituvchisi Yu.Sh.ga gap qaytargani uchun Yu.Sh. jahl ustida X.I.ni kaltaklagan. Ushbu holat 9-B sinf o‘quvchilari tomonidan videotasvirga olingan va 15 may kuni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.

Ushbu masala bo‘yicha tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi va tuman xalq ta’lim bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan maktabda o‘rganish o‘tkazilib, pedagog jamoa a’zolari va o‘qituvchilar bilan ta’lim-tarbiya jarayoni bo‘yicha suhbat o‘tkazilgan hamda 27 aprel kuni sodir bo‘lgan voqeaga aniqlik kiritilgan

Ushbu maktabning 9-A sinfi o‘quvchilari bilan tengdoshi X.I. haqida fikr so‘ralganda ushbu sinf o‘quvchilari tomonidan 9-B sinfdagi ayrim o‘quvchilar maktabda “Odob-axloq qoidalari”ga rioya qilmasligi hamda tengdoshlari bilan turli-xil janjalli holatlar bir necha marotaba kuzatilganini bildirgan. Ularning ota-onalariga farzandlarining xulqi va darsga tayyorlanmasdan kelishi yuzasidan alohida ko‘rsatmalar berilgan.

Maktabda ta’lim-tarbiya ishlarini hamda pedagog xodimlarning odob-axloq qoidalari va ichki mehnat tartib qoidalariga amal qilishini yetarli ravishda nazorat qilmagani uchun Bandixon tumani 4-maktab direktori X.B. dan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida boshqarma boshlig‘i nomiga arizasi olingan.

Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari O.S, o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.A. va Ingliz tili fani o‘qituvchisi Yu.Sh. va 9-B sinf rahbari E.J. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilingan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanidagi 4-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi 9-sinf o‘quvchisi dars mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelganligi uchun uni urganini ma’lum qilgandi. BP voqea joriy yilning 22 aprel kuni sodir bo‘lganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

357

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing