Surxondaryoda tibbiyot birlashmasi mansabdorlari salkam 315 mln so‘mni “yeb yubordi” 

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida  tibbiyot birlashmasi mansabdorlari salkam 315 mln so‘mni talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, viloyat Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan Termiz tumani tibbiyot birlashmasida 2017 yil sentyabr oyidan 2021 yilning may oyiga qadar byudjetdan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda to‘plangan hujjatlar bo‘yicha Termiz tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari tomonidan 7 ta holatda jami 313 million 655 ming 223 so‘m mablag‘larini ish haqi va mukofot puli sifatida chiqim qilib, to‘lov qaydnomalariga xodimlarning imzolarini, ularning o‘rnidan qalbakilashtirib qo‘yib, haqiqatda pul mablag‘ini ularga bermasdan, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani holatlari aniqlangan.

Ushbu holatlar yuzasidan joriy yil 10 iyunda Termiz tumani prokuraturasi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing