Surxondaryoda erkak kamyob sirtlonni o‘ldirib, tabiatga 1 mlrd so‘m zarar yetkazdi

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyatida kamyob yo‘l-yo‘l sirtlonni o‘ldirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda erkakning sirtlonni o‘ldirib, oyog‘idan osib qo‘ygani aks etgan suratlar tarqalgandi. Holatni Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari o‘rgandi.

Bildirilishicha, voqea 2023 yilning oktyabr oyi oxiri - noyabr oyi boshlarida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani “Obodon” mahallasida “Takatosh” massivida fuqaro Sh.X. tomonidan sodir etilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, bir bosh noma’lum hayvonning suyaklari topilib, ular qaysi hayvon turiga tegishliligi borasida ilmiy xulosa olish maqsadida tegishli tashkilotlarga jo‘natilgan. Xulosa olingach, hujjatlar chora ko‘rish maqsadida prokuratura organlariga yuboriladi. Fuqaro ushbu xatti-harakatlari bilan tabiatga 1 milliard 60 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasiga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni nobud qilish eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.


Eslatib o‘tamiz, oldinroq Navoiy viloyatining Konimex tumanida noqonuniy ravishda 218 bosh baliq ovlab, tabiatga 1 mlrd 240 mln so‘m zarar yetkazgan shaxs aniqlangandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo kamyob sirtlon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing