Surxondaryoda “bozori gurkiragan” jinoiy guruh a’zolari ushlandi

Jamiyat

image

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda “Afg‘oniston-Tojikiston-O‘zbekiston” yo‘nalishida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullanuvchi transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Dastlab Sariosiyo tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sho‘rchi va Uzun tumanlarida yashovchi 3 nafar fuqaro ketayotgan Lacetti rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, muqaddam 2 nafari sudlangan ushbu shaxslar yonida 670 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu ajal og‘usi Sariosiyo tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsdan 2800 AQSH dollariga sotib olinganligi ma’lum bo‘lib, uning ham “biznesiga” chek qo‘yildi.

Tezkor tadbirning ikkinchi bosqichida esa Boysun tumanidagi “Darband” YPX maskanida Uzun tumanida yashovchi 3 nafar shaxs ketayotgan Nexia 2 rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina salonida 9 kg 410 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Uzun tumani hududiga kiritilgan mazkur giyohvandlik vositasi aslida Samaqand viloyatida kutib turgan xaridorlarga yetkazilishi kerakligi ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Nurobod tumanida ushbu narkotik moddaning ma’lum bir qismini qabul qilib olgan vaqtda Samarqand va Andijon shaharlarida yashovchi 3 nafar "og‘u vakillari" ham ushlandi.
  
Shuningdek, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, yuragi “otning kallasiday” fuqaroning yashash xonadonida 964 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, u ham o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jami 11 nafar shaxsning “bozori” kasodga uchrab, umumiy miqdorda ulardan 11 kg 44 gr “gashish” moddasi musodara qilindi. 
  
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Quvonchbek G‘aybullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Surxondaryo jinoiy guruh

Baholaganlar

241

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing