Surxondaryo hokimi o‘zi va yordamchilarini jami 661 mln so‘m bilan siyladi
Jamiyat
−
24 yanvar
6718Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘zi, o‘rinbosarlari hamda tuman hokimlarini jami 661 mln so‘m bilan taqdirladi. Bu haqda hokimning o‘zi farmoyish chiqardi.
Hokim farmoyishi dastlab e-qaror.gov.uz platformasida ochiq holda bo‘lgan, ammo ushbu hujjat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng, shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli yashirildi.
Farmoyishga ko‘ra, 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan o‘z faoliyatida erishayogan muvaffaqiyatlari sabab viloyat hokimining 7 o‘rinbosarini rag‘batlantirish uchun 201 mln 250 ming so‘m ajratilgan.
Shuningdek, viloyat hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini rag‘batlantirish uchun 28 mln 750 ming so‘m, Termiz shahar va tumanlar hokimlarini rag‘batlantirish uchun 431 mln 250 ming so‘m, jami 661 mln 250 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.
Qayd etilishicha, ushbu farmoyishning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Rajabov zimmasiga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov o‘z sektorini “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olibi, deb e’lon qilgani va sektor rahbari sifatida mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan hisobidan o‘zini o‘zi taqdirlab, 61 mln 875 ming so‘m ajratgani xabar qilingandi.