Suriyadan olib kelingan bolalar hozir qayerda?
Jamiyat
−
29 mart 2021
6630O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va siyosiy irodasi bilan 2019 yildan boshlab Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlar hududidan o‘zbekistonlik bo‘lgan ayollar, keksalar va bolalarni olib kelishga qaratilgan “Mehr” operatsiyasi o‘tkazib kelinmoqda. Bugungacha o‘tkazilgan to‘rtta maxsus operatsiyada Yaqin Sharq va Afg‘onistondan jami 400 dan ortiq fuqarolar O‘zbekistonga qaytarildi.
Qaytarilgan fuqarolar ayollar va bolalar bo‘lib,ularning orasida chin yetimlari ham bor. Bugungi kunda chin yetim bolalar qarindoshlarining qaramog‘iga berilgan, hech kimi yo‘qlar esa davlat otalig‘iga olingan. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudasman) Kotibiyatining Bola huquqlarini ta’minlash sektori mudiri Sattor Rahmatov UNICEF ko‘magi bilan tashkil qilingan “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida qurolli mojaro hududlaridagi bolalar va ayollarni o‘z Vataniga qaytarish va ularni jamiyatga samarali reintegratsiyasi bo‘yicha hamkorlik” masalalari muhokamasida o‘tkazilgan konferensiyada aytib o‘tdi.
Ushbu konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, shuningdek Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Bola huquqlari bo‘yicha vakil Anna Kuznetsova, Tojikiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakil o‘rinbosari, Bola huquqlari bo‘yicha vakil Rajabmo Habibulozoda, Qozog‘iston Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha vakil Arujan Sain, Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsman kotibiyatining bolalar, ayollar va oilalar huquqini himoya qilish bo‘limi mutaxassisi Bubusara Anarbek qizi, UNICEF`ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan hamda yana bir qator vakillar onlayn tarzda qatnashdi.
“UNICEF ushbu ilg‘or tajriba almashinuviga ko‘mak berishdan mamnun bo‘lib, bugun ushbu anjumanda ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni davom ettirishga umid qiladi, chunki biz qurolli to‘qnashuvlardan jabr ko‘rgan bolalar huquqlarini himoya qilish uchun birgalikda ish olib boramiz", dedi Afshan Xan.
Yaqin Sharq va Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga olib kelingan bolalarga qanday ijtimoy yordamlar berilayotgani, ularning hozirgi kundagi ahvoli haqida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Kotibiyatining bola huquqlarini ta’minlash sektori mudiri Sattor Rahmatov ma’lumot berdi.
Ro‘zimurod Berdiyev, jurnalist: – Olib kelingan bolalar ichida chin yetimlar ham bor. Ular hozir qayerda yashamoqda, bolalar uyidami?
Sattor Rahmatov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili kotibiyatining bola huquqlarini ta’minlash sektori mudiri: – Bizda “qarovsiz bolalar” degan tushuncha bor. Bu “Bola huquqlari haqidagi konvensiya”da ham belgilab qo‘yilgan. Ota-onasiz bolalar to‘liqligicha davlat qaramog‘iga olinadi. Ularni joylashtirishga kelsak, nafaqat bolalar uyi, balki bola uchun muqobil joy tanlanishi ham mumkin.
R.B.: – Suriya va Iroqdagi janggohlarda bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistonga qaytganganidan keyin jinoiy javobgarlikka tortiladimi?
S.R.: – Suriya va Iroqda bo‘layotgan urushlarda ishtirok etmagan fuqarolar Vatanga qaytganidan keyin jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Lekin urushda qatnashgan bo‘lsa, albatta, qonun oldida javob beradi. Xalqaro huquq normalarini buzgan har qanday fuqaro o‘z jazosini oladi.
Konferensiya davomida O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova ushbu davra suhbatini tashkil etgan UNICEF`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Munir Mamedzadaga o‘z minnatdorligini bildirgan holda bu kabi operatsiyalar qanchalik muhim ekanini ta’kidladi.
“Bugungi kunga qadar O‘zbekiston “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida, Qozog‘iston “Jusan” va “Rusafa” operatsiyalari doirasida, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Rossiya Federatsiyasi o‘z fuqarolarini Vataniga qaytardi. E’tirof etamanki, fuqarolarning qurolli mojarolar hududidan o‘z Vataniga qaytarilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va Konstitutsiyaviy vakolati doirasida amalga oshirgan ishlari muhim omil bo‘ldi”, deydi Aliya Yunusova.
Ro‘zimurod Berdiyev
LiveBarchasi