Suriyadagi terroristlarni moliyalashtirgan shaxslar ushlandi (video)
3-sahifa
−
09 iyun 5320 2 daqiqa
O‘zbekistonda Suriyadagi terrorizmni moliyalashtirish jinoyatini sodir etgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi, 1987 va 1998 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 8 nafar fuqaro Suriya davlatidagi “G‘uroba katibasi” terroristik tashkiloti media-blogeri, Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi, 1996 yilda tug‘ilgan Abdulmuhsin Usmonovning g‘oyaviy-psixologik ta’sirlari oqibatida unga tegishli hisob-raqamlarga pul o‘tkazib bergani aniqlangan.
Qayd etilishicha, “Saad Muxtor” taxallusli mazkur shaxs Telegram messenjeri orqali Falastinda jabr ko‘rgan musulmonlarga ehson qilish niqobi ostida pul yig‘ish bilan shug‘ullangan. To‘plangan mablag‘lar esa Suriyadagi terrorchilar uchun sarflangan.
Sud hukmi bilan qonunbuzarlarning 7 nafariga 3 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1 nafariga 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shu bilan birga, DXX fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali xayriya chaqiriqlariga ishonib, aldanib qolmaslikka chaqirgan hamda Jinoyat kodeksining 155-3-moddasiga ko‘ra, terrorizmni moliyalashtirish – 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Telegram mesenjerida foydalanuvchilar uchun diniy materiallarning O‘zbekiston hududida taqiqlangan yoki taqiqlanmaganini tekshirish imkonini beruvchi Telegram-boti ishga tushurilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi