Suriyada o‘zbek jangchilari qo‘lga olindi
3-sahifa
−
17:11 4825 2 daqiqa
Suriya Xavfsizlik kuchlari mamlakatning shimoli-g‘arbida o‘tkazilgan reyd davomida bir guruh o‘zbek jangchilarini qo‘lga oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Rasmiylar va mahalliy aholi Idlib shahrida o‘q uzganlikda ayblanayotgan o‘zbek jangchini qo‘lga olishga urinish ortidan keskinlik boshlanganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng qurollangan o‘zbek jangchilari uning ozod etilishini talab qilib, namoyish o‘tkazgan. Mojaro hukumat xavfsizlik idorasi oldida norozilik namoyishlariga aylanib ketgan.
Suriya Ichki ishlar vazirligi, mahalliy aholi va rasmiylar xavfsizlik kuchlari Idlib viloyatining qishloq hududlaridagi bir nechta joylarda, jumladan Kafriya va al-Fua shaharlarida reyd o‘tkazib, namoyishda qatnashgan o‘zbek jangchilarini nishonga olgan. Ushbu hududlarga qo‘shimcha harbiy kuchlar va texnika yuborilgan, ayrim joylarda esa vaqti-vaqti bilan o‘q ovozlari eshitilgan.
Qancha o‘zbek jangchi qo‘lga olingani hozircha aniq emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Suriyada taxminan 1500 nafar o‘zbek jangchi bo‘lgan, ularning ayrimlari oilalari bilan yashaydi.
Mazkur hodisa so‘nggi oylarda Idlib hududida Suriya hukumat kuchlari va xorijiy jangchilar o‘rtasidagi ikkinchi to‘qnashuv hisoblanadi. Mamlakatda bunga o‘xshash voqea 2025 yilning oktyabr oyida Turkiya chegarasi yaqinida fransiyalik Omar Diabi (Omar Omsen nomi bilan tanilgan) boshchiligidagi lager atrofida ham keskinlik yuzaga kelgan edi.
Suriya hukumati xorijiy jangchilarning maqomini rasmiylashtirishga harakat qilmoqda va minglab kishini yangi Suriya armiyasi tarkibiga kiritgan. Ba’zilari hatto yuqori davlat lavozimlarini egallagan. Masalan, iordaniyalik jangchi prezidentni himoya qiluvchi Respublika gvardiyasiga qo‘mondonlik qilmoqda, yana bir avstraliyalik esa yangi tashkil etilgan suveren fondga rahbarlik qilmoqda.
Live
Barchasi