So‘nggi diktator
Tahlil
−
19 yanvar 2022
17606“Men shu yerda tug‘ilganman, shu yerda o‘laman!
Menga nima bo‘lishidan qat’i nazar!”.
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko
Joriy yilning 10 yanvar kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining videoanjumanida Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston haqida aytgan so‘zlari ko‘pchilikni g‘azablantirdi.
Birinchi Prezidentlik muddatiga saylanganida “men ikki muddatdan ortiq hokimiyatda qolmayman”, deb o‘z xalqiga so‘z bergan Lukashenko, mana 26 yil bo‘libdiki, hamon iqtidorda.
Siyosat olamida “Batka” laqabini olgan, Yevropa ostonasida turib, diomo Moskva tomon intiladigan, G‘arbda “Yevropaning so‘nggi diktatori”, deya e’tirof etiladigan Lukashenko aslida kim? U qanday qilib hokimiyat tepasiga kelgan? Bugun shu haqida so‘z yuritamiz.
Otasiz o‘sgan Lukashenko
Aleksandr Lukashenko 1954 yil 30 avgust kuni Vitebsk oblastining Kopis shaharchasida dunyo kelgan. Uning onasi Yekaterina Trofimovna Ikkinchi jahon urushida qatnashib, urushdan keyin shahardagi kombinatda ishlagan. Lukashenkoning otasi kim ekani hech qayerda qayd etilmagan. Bo‘lajak diktator otasiz o‘sgan. Maktabni qoniqarsiz baholar bilan bitirgan Lukashenko, 1975 yilda Mogilyov pedagogika institutini tarix yo‘nalishini tamomladi. 1985 yilda esa u Belarus qishloq xo‘jaligi akademiyasini sirtdan tamomlab, ikkinchi diplomini ham qo‘lga kiritdi. Lukashenko ikki yil davomida KGB (SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) chegara qo‘shinlarida xizmat qildi. Harbiy xizmatdan haqiqiy erkak bo‘lib qaytgan Sasha, bir muddat komsomol qo‘mitasi kotibi lavozimida ishladi. Shuning uchun ham uning gap-so‘zlarida to‘porilik bor.
Siyosatga kirish
Bo‘lajak diktator 1985 yilning mart oyida Mogilyov saylov okrugidan deputatlikka nomzod sifatida ko‘rsatildi. Ammo Lukashenko o‘z raqibi Vyacheslav Kebichga taxminan 5 foiz farq bilan yutqazdi. 1990 yilda nihoyat Belarus xalq deputati va Oliy Sovet muvaqqat kengashi a’zosiga aylanadi. Shundan so‘ng, Lukashenko Moskvaga ketdi. Sasha Moskvada ko‘plab siyosatchilar bilan tanishdi. Ayrim partiya liderlari bilan yaqin do‘st ham bo‘lib qoldi.
1991 yil 25 may kuni Lukashenko “Diktatura: belaruscha variant?” nomli maqola yozib “Narodnaya” gazetasida chop ettirdi. Sasha o‘z maqolasida, hokimiyat vakillarini avtoritar boshqaruvga intilish va siyosiy diktatura yaratishda ayblab, o‘zining “demokratik” qarashlarini ifoda etdi. Bu bilan u xalqning og‘ziga tushmoqchi bo‘ldi.
1991 yilning oktyabr oyida Minskda demokratik partiya yaratish bo‘yicha qurultoy bo‘lib o‘tdi. “Demokratiya”ni gapirib bong urayotgan Lukashenko bu yig‘ilishda faol ishtirok etdi. Qurultoy natijasida yangi “Xalq kelishuvi partiyasi” tuzildi. Totalitar boshqaruvni tanqid qilgan Sasha partiyaning raislaridan biri etib tayinlandi.
1991 yilning dekabr oyida SSSR parchalangach, Belarus suveren davlat maqomiga ega bo‘ldi. Moskvadan qaytgan Lukashenko uchun bu ayni muddao edi. U mamlakatdagi korrupsiya va boshqaruvdagi o‘zboshimchaliklarni chiroyli tanqid qildi. Bu tanqidlar tezda o‘z mevasini tugdi. Sekin-asta xalq Lukashenkoga e’tibor qaratdi.
Kolxozchining Prezident bo‘lishi
Lukashenko 1994 yilgi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini ilgari surdi. Uning atrofida o‘zi kabi yosh siyosatchilar jamlandi. Xususan Lukashenkoning saylovoldi guruhida V.Gonchar, V.Sepkalo, A.Feduta, V.Tereenko, I.Titenkov, A.Lebedko, V.Sheyman kabi yosh siyosatchilar bor edi. U o‘zining saylovoldi dasturida xalqqa aholining qashshoqlashuviga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyani tag-tugi bilan yo‘qotishni, Rossiya va sobiq sovet tarkibida kirgan respublikalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni va’da berdi.
Lukashenko o‘zini haqiqiy “demokrat” qilib ko‘rsatish uchun o‘ziga nisbatan suiqasd tashkil qildi. 1994 yil 16 iyun kuni Sasha avtomobilda Vitebsk viloyatining Liozno qishlog‘i yonidan o‘tib ketayotganida, u o‘tirgan avtomobil o‘qqa tutildi. Lukashenkoga hech qanday zarar yetmadi. Yetishi ham kerak emasdi. Chunki bu voqea Sashaning obro‘sini oshirish uchun uyushtirilgan edi.
Lukashenkoning haqiqiy “demokrat” ekanligiga ishongan xalq unga ovoz berdi. “Batmka” saylovning birinchi turida 44 foiz ovoz oldi. Ikkinchi turla esa 80,1 foiz ovoz to‘plab, mustaqil Belarusning birinchi Prezidentiga aylandi. Unga qadar bu mamlakatda prezidentlik lavozimi bo‘lmagan.
Abadiy hokimiyatga qadam
Iqtidorga kelgan Lukashenko xalqqa bergan va’dalari shunchaki quruq va’da ekanini isbotladi. U abadiy hokimiyatda qolishni ko‘zladi va shu maqsadda bir qator ishlarni amalga oshirdi. 1996 yildagi referendumda Lukashenkoning asl yuzi fosh bo‘ldi. 1996 yilning oktyabr oyida birinchi butun Belarus Xalq Assambleyasi bo‘lib, unda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, prezidentlik muddatini qaytadan hisoblash boshlandi. Prezidentning vakolatlari cheksiz qilib belgilandi. Bir so‘z bilan aytganda, Lukashenko haqiqiy diktatorga aylandi. AQSH va Yevropa Ittifoqi tabiiyki, bu referendumni tan olmadi.
1996 yilda Belarus Oliy Kengashining 70 deputati Lukashenko Konstitutsiyani buzgani uchun unga impichment e’lon qildi. “Batka” o‘zining yangi vakolatlaridan darhol foydalanib, Oliy Kengashni tarqatib yubordi. Politsiya parlament binosini qurshab olib, Belarus Bosh vaziri va yetti nafar sudyani qo‘lga oldi. Boshi ketishidan qo‘rqqan deputatlar impichment to‘g‘risidagi arizani qaytarib oldi. Kursiga mustahkam o‘rnashib olgan Lukashenko darhol Oliy Kengash o‘rniga ikki palatali Milliy Assambleyani tuzdi va unga “Lukanshenkoparvar” odamlarni tayinladi.
“Batka” maxsus KGB tashkil etib, hokimiyatni o‘z qo‘lida to‘pladi. Mamlakatda mustaqil matbuot va muxolifatchilarni ta’qib qilish boshlandi. 1991-2000 yillarda uch nafar muxolifatchi V.Gonchar va D.Zavadskiy sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi. Rus tiliga davlat tili maqomi berildi. Lukashenko Rossiyani o‘zining “Katta og‘asi” deb bilib, bordi keldilarni yo‘lga qo‘ydi.
2001 yilda bo‘lib o‘tgan saylovda Lukashenko 75 foiz ovoz bilan ikkinchi muddatga saylandi. Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti saylov xalqaro standartlarga zid o‘tkazilganini qayd etdi. Undan keyingi saylovlarning barchasi tanqidlar, namoyishlar, ortidan esa, sanksiyalar bilan qorishib ketdi. AQSH va Yevropa saylov natijalarini tan olmadi. O‘z navbatida Lukashenko ham mamlakatdagi namoyishlarda G‘arbning qo‘li borligini ta’kidlab keladi.
2020 yil 9 avgust kuni Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda odatdagidek Lukashenko g‘olib bo‘lib, oltinchi muddatga saylandi. Shundan so‘ng mamlakatda ommaviy namoyishlar boshlandi. Yuz minglab belaruslik o‘z diktatorga qarshi ko‘chaga chiqdi. Ammo bu mitinglar maxsus kuchlar tomonidan “yumshoqlik” bilan bostirildi. Xalqning noroziligiga qaramay, 23 sentyabr kuni maxfiy tarzda inauguratsiya marosimini bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari, AQSH va Ukraina Lukashenkoni qonuniy Prezident sifatida tan olmaydi
Xalqaro qoidalarni pisand qilmaydigan diktator
Lukashenko xalqaro qoidalarni pisand qilmaydi. O‘quvchida “buni nimada ko‘rishimiz mumkin”, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Bunga misol qilib ikkita voqeani eslash kifoya.
Birinchi voqea 2021 yilning may oyida sodir bo‘ldi. Belarus maxsus kuchlari mamlakat hududidan uchib o‘tayotgan samolyotni to‘xtatib, yerga qo‘ndirdi. Uchoqda belaruslik mashhur muxolifatchi Roman Protasevich bo‘lib, u aeroportda maxsus kuchlar tomonidan qo‘lga olingan. Bu bevosita Xalqaro qoidalar Belarus hududida bir chaqaga ham arzimasligini ko‘rsatadi.
Ikkinchi voqea joriy yilning 10 yanvar kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining videoanjumanida yuz berdi. Unda Belarus rahbari Qozog‘istondagi holat O‘zbekistonda ham kuzatilishi mumkinligi haqida gapirdi.
“Avvalo, O‘zbekiston saboq chiqarishi kerak. Agar bu saboqlar olinmasa, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning (ekstremistlar – tahr.) diqqati O‘zbekistonga qaratiladi”, degan Lukashenko.
Belarus Prezidentining O‘zbekiston haqida aytgan so‘zlari kun mavzusiga aylandi. Ko‘plab o‘zbekistonlik siyosatchilar Lukashenkoning gapini shantaj deb baholadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi kengaytirilgan yig‘ilishida Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning KXSHT yig‘ilishida aytgan gaplariga munosabat bildirdi.
“Kuni kecha ba’zi davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarishi lozimligi haqida asossiz bayonot berildi.
Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz.
Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz”, dedi davlat rahbari.
Bugungi kunda AQSH va Yevropa Belarus sanksiyalarga ko‘mib tashlagan. Xalq Lukashenkoni iqtidorda qolishini istamayapti. Odamlarning sabri tugadi, madori qolmadi. Mamlakatni umidsizlik va kelajakka bo‘lgan ishonchsizlik, qo‘rquv qurshab olgan. Inson huquqlari va so‘z erkinligi har qadamda poymol qilinmoqda. Haqiqatni aytganlarga qurol o‘qtalinyapti, haqqini talab qilganlarga terrorist tamg‘asi yopishtirilyapti. O‘zi qolib, oilasi, bolasi, yaqinlari sazoyi qilinyapti. Ayni vaziyatda “Batka” har qanday yo‘l bilan o‘z hukumatining qonuniy ekanligini isbotlash uchun jon olib, jon bermoqda. Shunday holatda o‘zi o‘tirgan kursisi qimirlab qolgan Lukashenkoning boshqa davlatga aql o‘rgatishi kulguli.
LiveBarchasi