So‘kishni juda xohladim – O‘zbekistonga kelgan sayyoh UzIMEI deb sarson bo‘lganini aytdi

Jamiyat

image

Rossiyalik dasturchi Yevgeniy Amiraslanov O‘zbekistonga uzoq muddatga kelgan sayyohlar uchun mobil telefonni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish juda qiyinligini aytib, ushbu tizimni qoraladi. Bu haqda u o‘z blogida aytib o‘tgan. 

Amiraslanovga ko‘ra, o‘zbekistonliklar uchun telefonni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish bir muncha qulay, biroq ushbu tizim tufayli sayyohlar sarson bo‘lmoqda. 

"O‘zbekistonda IMEI ro‘yxatga olish tizimi mavjud. Agar siz chet eldan telefon olib kirsangiz 5 dollar to‘lashingiz kerak, aks holda bir oydan keyin telefoningiz qovoqqa aylanib qoladi va unda qo‘ng‘iroq qilish, mobil Internet va SMS'dan foydalana olmaysiz. Aytilishicha, bu telefonlarning qora bozoriga qarshi kurashish – o‘g‘irlangan, soxta tovarlarni kamroq olib kelinishi uchun qilingan.

O‘zbekistonliklar uchun hamma narsa oson va shaffof tarzda amalga oshiriladi: mamlakatga kelasiz, maxsus USSD kodni kiritasiz, ma’lumotlaringizni yuborasiz, to‘lovni to‘laysiz, va siz telefonni ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lasiz, undan foydalanishingiz mumkin. Va bularning barchasi divandan turmasdan qilinadi. Bu sayyohlar uchun ham oson: O‘zbekistonda bir oydan kamroq vaqt qolsangiz, telefoningiz bilan hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Men kabi uzoq muddatli tashrif buyuruvchilar uchun ishlar biroz murakkabroq. Siz divandan turishingiz, shaxsan biror joyga borib, murojaat qilishingiz kerak.

UzIMEI veb-saytida buni istalgan pochta bo‘limida amalga oshirish mumkinligi aytilgan. Men uyimga eng yaqin bo‘lgan pochta bo‘limiga bordim, lekin ular menga ofislarida hech qanday ro‘yxatga olish yo‘qligini [Bosh] pochtamtga borishim kerakligini aytishdi. 

"Yandeks Xaritalari" ma’lumotlariga ko‘ra, pochta bo‘limi faqat ish kunlarida soat 9:00 dan 18:00 gacha ishlaydi, ya’ni mening ish vaqtimda. Men ish kunimning o‘rtasidan bir necha soat bo‘sh vaqt ajratishim, keyin ko‘proq ishlashim kerak bo‘ldi.

Pochtamtga ikki marta borishimga to‘g‘ri keldi. Birinchi marta borganimda, UzIMEI tizimidagi qandaydir nosozlik sabab arizalar qabul qilinmayotganini afsus bilan ma’lum qilishdi. UzIMEI’ning bosh ofisiga borishim mumkinligini, lekin u yerda navbat uzunligi, yaxshisi, bir necha kundan keyin kelishimni aytishdi.

Ikkinchi marta kelganimda, Pochtamtning o‘zida ro‘yxatdan o‘tish uchun uzun navbat bor edi. Qirq daqiqaga yaqin navbatda turdim va nihoyat ariza berdim. Aytgancha, O‘zbekistonda IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sizga mahalliy SIM karta kerak bo‘ladi. Yaxshiyamki, menda o‘zbek SIM kartasi bor edi. Afsuski, uni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida ma’lumotlarda xatolik bo‘lgani sabab men IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazolmadim. Ular menga mobil operatorimning ofisiga borishimni va pasport ma’lumotlarimni yangilab berishlarini so‘rashimni aytishdi.

Men layfxakdan foydalandim: boshqa uyali aloqa operatorining ofisiga bordim va u yerda ma’lumotlarimning to‘g‘riligini ikki marta tekshirib, yangi SIM-karta oldim. Shundan so‘ng yana yigirma daqiqa navbatda turdim va nihoyat IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazdim.

Taksida yurish va sarflangan asab tolalarimni hisobga olmaganda, hammasi uchun taxminan 5 dollar va uch soatlik ish vaqtim ketdi.

IMEI'ni faqat o‘zim ro‘yxatdan o‘tkazmadim. Men bilan O‘zbekistonga ikkita – shaxsiy va ish telefonlarini olib kelgan do‘stim ham bor edi. Lekin O‘zbekistonga har bir kirishda faqat bitta telefonni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin ekan. Yakunda u albatta, shaxsiy telefonini ro‘yxatdan o‘tkazdi, ish telefoni esa “har ehtimolga qarshi” rejimida qoldi.

Qanchadir vaqt o‘tib telefonim ishdan chiqdi va uni ta’mirlashga berdim. Shunda “har ehtimolga qarshi”ni ishlatish vaqti keldi: telefonim ta’mirdaligida do‘stim menga o‘sha ish telefonini foydalanib turish uchun berdi. U telefonga SIM-karta solinmagan va u blokirovka bo‘lmagan bo‘lishi kerak edi. Shuningdek, menda chegaradan hozir olib o‘tilgani kabi 30 kunda davomida IMEI'dan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanish imkoni bo‘lishi kerak edi.

U ishlamadi. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston hududida o‘ttiz kundan so‘ng telefon ishlatilmasa ham bloklanadi – aftidan, bu SIM-kartamni boshqa telefonda bir oydan ortiq ishlatganim uchun bo‘lsa kerak.

Bundan hech qanday xulosa qilmayman. So‘zim oxirida so‘kishni juda xohladim, lekin so‘kmayman”, deb so‘zlarini yakunlagan Yevgeniy.

Bundan tashqari, rossiyalik dasturchi O‘zbekistonda UzIMEI tizimining o‘ziga xosligi va unga aloqador fikrlar yig‘ib boriladigan kanal uchun havola qoldirgan.

Ma’lumot o‘rnida, respublika xududida mobil qurilmalarni IMEI-kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi 778-son qaroriga muvofiq joriy qilingandi. Shuningdek, mobil qurilmaning IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini tekshirish uzimei.uz sayti orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi Vinayak Nagaraj ham o‘zbekistonliklar uchun ortiqcha xarajat va murakkabliklar tug‘dirayotgan UzIMEI haqida fikr bildirib, uni tushunarsiz byurokratik tizim bo‘lib, O‘zbekistonni oldinga emas, balki orqaga tortayotgan siyosatlardan biriligini aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

411

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing