Surxondaryoda “zamhokim”ning ukasi xotinini o‘ldirib, murdasini ikki “Kamaz” tuproqqa bostirgani aytilmoqda
3-sahifa
−
07 mart
19126Surxondaryo viloyatida 34 yoshli ayol eri tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Surxondaryo viloyati Bandixon tumani Obikor mahallasida yashovchi fuqaro 1990 yilda tug‘ilgan qizi, 3 nafar farzandning onasi T.F.ning fojiali o‘limi haqida yozib, “Ezgulik” jamiyatiga murojaat qilgan.
Uning yozishicha, joriy yilning 6 fevral kuni qizi T.F. to‘satdan yo‘qolib qolgan va shu yilning 1 mart kuni uning jasadi Boysun tumani Dashttig‘oz mahallasi yaqinidagi jarlikdan topilgan. Otaning ta’kidlashicha, qizi chuqurlikka ko‘milgan va ustidan ikki “Kamaz” tuproq tortilgan.
Marhumaning eri A.Q. qotillikni bo‘yniga olgan. U Surxondaryo viloyati IIB tomonidan odam o‘ldirishda ayblanmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchining akasi Alisher Amirov Surxondaryo viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. Aytilishicha, Amirov kelinining o‘limidan ko‘p o‘tmay, murojaatchining mahallasiga kelib, u yerda yo‘llarga tosh va asfalt yotqizish ishlarini boshlashga kirishgan. Farzandidan ayrilgan ota esa ukasi odam o‘ldirgan bu amaldorning “hotamtoy”ligini ko‘ngliga qattiq olib, shuncha vaqtdan beri asfalt ko‘rmagan qishloq aslicha qolaversin, deb yo‘lsozlarni quvib solgan.
Shuningdek, marhumaning otasi qudasi u bilan qasdlashgani, bir necha marta unga o‘ldirish bilan tahdid qilgani, qizining o‘limi butun boshli oila tomonidan uyushtirilganini iddao qilgan.
Ma’lumot uchun, Alisher Amirov 2023 yilning oktyabr oyida Surxondaryo viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida profilaktika inspektorlari qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilganini ko‘ra-bila turib, hech qayerga ma’lum qilmasdan, jinoyatni yashirgani aniqlangandi.
LiveBarchasi