Sug‘urtasiz avtomobillarni “shtrafnoy”ga olmaslik to‘g‘risida qonun ishlab chiqildi
Jamiyat
−
18 avgust 2020
13670Deputatlar avtoransport vositasini sug‘urta yo‘qligi uchun jarima maydoniga qo‘yilmaslik haqida qonun loyihasi ishlab chiqishdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
Qayd etish kerakki, yaqinda “Mening fikrim” murojaatlar portalida “Avtotransport vositasining sug‘urtasi yo‘qligi yoki texnik ko‘rikdan o‘tmaganligi tufayli jarima maydoniga qo‘yish amaliyotini bekor qilish haqida”gi taklif 10 000 dan ortiq ovoz olgan edi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, ushbu petitsiya tegishli tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilgan.
“Ushbu taklif nizomga muvofiq Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan uni amalga oshirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi”, deydi Kusherboyev.
Qonun loyihasida transport vositalari egalarining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilmaganligi (yoki DYHXX xodimi so‘ragan vaqtida yonida bo‘lmaganligi) uchun transport vositasini jarima maydonida majburiy ushlab turish amaliyotini bekor qilish nazarda tutilmoqda.
“O‘rganishlar horijiy davlatlarda xususan Germaniya, Angliya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, AQSHning bir qator shtatlarida fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polislari bo‘lmasa, ma’muriy jarimalar belgilangan bo‘lib, biroq transport vositasini ushlab turish ko‘rsatilmaganligini ko‘rsatmoqda”, degan deputat.
Ta’kidlanishicha, Qonun loyihasi tez orada Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi.
LiveBarchasi