Sudanda 87 kishining ommaviy qabri topildi

Olam

image

Sudanning G‘arbiy Darfur mintaqasidan kamida 87 kishining jasadi ko‘milgan ommaviy qabr topildi. Bu haqda bugun, 13 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat aholisi o‘lganlarning jasadlarini utilizatsiya qilishga majbur bo‘lgan. Jasadlar qabristonlardan biriga ko‘milish o‘rniga El-Jeneina shahri yaqinidagi ochiq maydonga dafn qilingan. Qurbonlar orasida joriy yilning 13-21 iyun kunlari Al-Junayn shahrida o‘ldirilgan mahalliy masalit qabilasi a’zolari borligi aytilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha Sudandagi mojarolar kamida 1800 kishining hayotiga zomin bo‘lgan va minglab odamlar yaralangan. 350 000 ga yaqin sudanlik mamlakatni tark etgan, bir millionga yaqin kishi esa o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. BMT Sharqiy Afrikada gumanitar inqiroz yuzaga kelishi ehtimolidan ogohlantirgan. Davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar sababli mamlakatdan ko‘plab chet el fuqarolari, xususan, o‘zbekistonliklar ham Saudiya Arabistonining yordami bilan evakuatsiya qilingan.

Sudanda armiya va Tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasidagi to‘qnashuv

Suveren kengashga (mamlakat boshqaruv organi) ham rahbarlik qilayotgan armiya qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon va uning kengashdagi o‘rinbosari maxsus kuchlar qo‘mondoni Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli Sudanda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Joriy yilning 15 aprel kuni avj olgan to‘qnashuvlar 2021 yilgi harbiy to‘ntarishdan keyin boshlangan siyosiy inqirozning davomi ekani aytilmoqda. Tezkor harakat kuchlari va armiya ikki yildan beri o‘tish davri hukumatini shakllantirish bo‘yicha kelisha olmagan turli siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar jangarilari mamlakatdagi kamida uchta aeroportni, shuningdek, qator harbiy ob’ektlar va Prezident saroyini egallab olganini aytgan.

Biroq Sudan Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Abdul Fattoh al-Burxonning ta’kidlashicha, Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarning Prezident saroyi, poytaxt aeroporti va qurolli kuchlar shtab-kvartirasini nazorat qilayotgani haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. General Burxon “Al Jazeera” nashri bilan suhbatda harbiylar vaziyatni to‘liq nazorat qilayotganini ta’kidlagan.

Sudan poytaxti Xartumdagi ko‘plab yo‘llar va ko‘priklar to‘sib qo‘yilgan, aeroport ham urush hududiga aylangan, u yerga parvozlar to‘xtatilgan. Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiy harakatlar oqibatida Ukrainaning SkyUp aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti aeroportda yonib ketgan.

Birlashgan Arab Amirliklarining Xartumdagi elchixonasi mojaro qanday kechayotganini katta tashvish bilan kuzatayotganini qayd etib, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish va yangi hukumatni shakllantirishda milliy konsensus (kelishuv)ga erishish zarurligini yana bir bor eslatib o‘tgan.

Shuningdek, AQSHning Xartumdagi elchisi Jon Godfri o‘q ovozlaridan uyg‘onganini hamda hozirda xuddi Xartumdagi va boshqa joylardagi sudanliklar kabi elchixonada boshqa diplomatlar bilan yashirinib yurganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing