“Straus House” ishi: tergov yuzasidan eksklyuziv videointervyu

Intervyu

Yodingizda bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda “Straus House” ishi katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Joriy yilning sentyabr oyida uning rahbarlariga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, MCHJ ta’sischisi Ibroxim Isroilov qamoqqa olingandi. 

Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari yakunlandi. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti mas’ul xodimi Adhamjon Abdullayev QALAMPIR.UZ saytiga eksklyuziv intervyu berdi.

Jinoyat ishi 2019 yil 25 sentyabr kuni Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “Straus House” MCHJ ta’sischisi I.R.Isroilov va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, “Straus House” MCHJ mansabdor shaxslari Respublikaning barcha viloyatlarida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslarga Janubiy Afrika Respublikasidan har birining narxi 1.800.000 so‘mdan, 90 kun muddat ichida “ostrich” (qora bo‘yin) zotli tuyaqush jo‘jalarini yetkazib berish yuzasidan oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishgan.

Yetkazib berilgan tuyaqush jo‘jalarini 12 oydan so‘ng, tirik vaznini 80.000-90.000 so‘mdan shartnoma asosida qaytarib sotib olish va ushbu jarayonda bepul veterinarlik xizmatini ko‘rsatish yuzasidan va’dalar berishgan. 2019 yilning yanvar-iyun oylari davomida jami 731 nafar jismoniy va yuridik shaxslar bilan shartnomalar rasmiylashtirishgan. 

Shartnoma shartlariga ko‘ra, jami 16.1 mlrd. so‘m (shu jumladan 3,8 mlrd. so‘m fuqarolarning kredit mablag‘lari hisobidan) miqdorida to‘lovlarni jamiyatning bankdagi hisob raqami orqali qabul qilib, belgilangan muddatda jami 319 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga tuyaqush jo‘jalarini yetkazib bermasdan 7.2 mlrd so‘m pul mablag‘larini o‘zlarining ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.

2019 yil avgust oyiga qadar “Straus House” MCHJ hisob raqamiga tuyaqush jo‘jalari uchun jami 13,6 mlrd. so‘m miqdorda pul mablag‘lari kirim qilinib, quyidagi tartibda taqsimlangan:

  • 543,8 mln. so‘m miqdoridagi pullar tuyaqush ozuqasi sotib olish uchun; 
  • 5,6 mlrd. so‘m miqdoridagi pullar moliyaviy qarzlar uchun; 
  • 5,2 mlrd. so‘m miqdoridagi pullar tuyaqush jo‘jalari uchun; 
  • 299,9 mln. so‘m miqdoridagi pullar jamiyat faoliyatini ommaviy axborot vositalarida reklama qilish uchun; 
  • 296,1 mln. so‘m miqdoridagi pullar jamiyatga avtomashina sotib olish uchun (2 dona “Jentra” 1 dona “Spark” rusumli avtomashinalar); 
  • 302,5 mln. so‘m miqdoridagi pullar jamiyatning korporativ plastik kartasini to‘ldirish uchun; 
  • 226,5. mln so‘m miqdoridagi pullar xizmat safarlari harajatlari uchun sarflangan.

Bundan tashqari, Isroilov tomonidan moliyaviy yordam ko‘rinishida olingan o‘zining shaxsiy plastik kartochkasiga ko‘chirib olgan 3.7 mlrd. so‘m miqdoridagi pul mablag‘laridan 745 mln. so‘m qismi ilgari sodir qilgan firibgarlik jinoyati bo‘yicha moddiy zararni qoplash uchun, qolgan pullar evaziga onasi nomiga “Lasetti” rusumli, tog‘asi nomiga 1 dona “Malibu 2” rusumli, 1 dona “Lasetti” rusumli avtomashinalar sotib olish, o‘zi yashab turgan uyini qayta ta’mirlash, o‘zi yashab turgan mahallada 700 metr yo‘lga asfalt yotqizish, oilaviy Turkiya, Tayland davlatida dam olish hamda “Umra” safarlariga borish uchun sarflanganligi aniqlandi.

“Straus House” MCHJ hisob raqamidan tuyaqush jo‘jalarini sotib olish uchun import shartnomasiga asosan Pokiston Islom Respublikasiga o‘tkazilgan 200.000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘larini Tergov departamentining depozit hisob raqamiga qaytarish yuzasidan Pokiston Islom Respublikasining kompaniyasi rahbari bilan aloqa o‘rnatilib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga so‘rovnomalar yuborilgan.

Hozirda 200.000 AQSH dollar pul mablag‘lari Pokiston Islom Respublikasidan qaytarib olinib, Tergov departamentining hisob raqamiga o‘tkazilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudda ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

174

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing