SSV: Vazir ruxsatisiz shifoxonalar hududida qurilgan binolar buzib tashlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda har qanday davlat tibbiyot muassasasi hududida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 oktyabrdagi 279-sonli  “Davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi”gi qaroriga asosan balansda saqlovchi va mahalliy davlat hokimiyati organining birinchi rahbari tomonidan imzolanadigan hamda muhr bilan tasdiqlanadigan xulosasini taqdim etish tartibi joriy etilgan.

Shuningdek, Prezidentning 2018 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 11-bandida Sog‘liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat tibbiyot  muassasalarining yer uchastkalari va ko‘chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlangani belgilangan.

"Afsuski, shunga qaramasdan bugungi kunda ayrim tadbirkorlar tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligining ruxsatini olmasdan turib, davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish ishlarini olib borish holatlari ham uchrab turibdi", deydi vazirlikning Qurilish va moddiy texnik ta’minotni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akmal Norbekov.

"Masalan, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Navbahor” qishloq vrachlik punkti hududining 0,10 yer maydonida hammom va savdo majmuasini qurish uchun fuqaro Z.Aliboyevga yer ajratish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining roziligisiz 2018 yilda Bulung‘ur tuman hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bulung‘ur tumani hokimining qarori ustidan protest keltirilib, Bulung‘ur tumani hokimining qarori bekor qilingan. Buning natijasida qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, davlat tibbiyot muassasalari xududidan noqonuniy  ravishda  foydalanish, bino va inshootlarni buzish yoki qurish hamda davlat mulki ob’ektlaridan noqonuniy foydalanish qat’iy taqiqlanganligini unutmasligimiz kerak", dedi A.Norbekov.

Shuningdek, 2017 yilda Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri hududidagi 300 kvadrat metrdan iborat yer maydonini “Shifokor Valijon Surxon” xususiy korxonasiga ajratish bo‘yicha Termiz shahar hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu yer maydonining tadbirkorga berilishi va mahalliy hokimlik balansiga olinishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 fevraldagi 54-son qarori talabiga zid ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligining rozilik xati olinmagan.

Mazkur holat bo‘yicha Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri yer maydonini qaytarish maqsadida Termiz shahar hokimining qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga protest keltirilib, Termiz shahar hokimining qarori bekor qilingan hamda noqonuniy qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

vazir ruxsatisiz shifoxonalarda qurilgan binolar

Baholaganlar

28

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar