SSV: Tibbiy madaniyat shifokorga nisbatan munosabatdan boshlanadi
Tahlil
−
10 iyun 2019
4825Dunyoda Yaratgan tomonidan ato etilgan ikkita kasb bor: birinchisi — o‘qituvchilik, ikkinchisi — shifokorlikdir. O‘zining olijanob kasbiga sodiq shifokor har kuni barchamizga oliy insonparvarlik maqsadlariga xolis xizmat qilishning yorqin namunasini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, tibbiyot xodimlari bilan bog‘liq noxush vaziyatlarning tez-tez uchrayotgani, ularni ijtimoiy himoyalash barobarida, huquqiy manfaatlarini ta’minlash ham ayni paytda dolzarb vazifa ekani takror va takror oydinlashmoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “O‘zbekistonda yana bir shifokorga tahdid qilingan video tarqaldi” sarlavhali materialda aks etgan holatni olaylik.
– Tibbiy madaniyatning birlamchi belgisi shifokorga nisbatan munosabatdan boshlanadi. Minglab, millionlab insonlar dardiga malham bo‘lishga bel bog‘lagan tibbiyot xodimlari bemorning qarindoshlari tomonidan haqorat qilinishi, ayrim hollarda esa, hatto, tan jarohati yetkazilishini qanday baholash mumkin? Bundan holatlar shifokorlar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi, shuningdek, yoshlarning ushbu kasbga nisbatan qiziqishining so‘nishiga sabab bo‘lishi mumkin. – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxanova. – Jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning ko‘payib ketayotganini hisobga olib, ushbu illatning oldini olishni eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlikni kuchaytirish, huquq-tartibot organlari tomonidan zarur choralar ko‘rilishi lozim, deb hisoblaymiz.
Aniqlanishicha, 2019 yil 16 yanvar kuni soat 23:00 larda Navoiy viloyati Navbahor tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limida shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi navbatchi terapevt shifokori A.E.ga Navbahor tuman “Arabxona” MFYda yashovchi fuqaro I.E 4 oylik farzandining bezovta bo‘lganligi sababli navbatsiz kirib keladi. Shifokor A.E. homilador ayolni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgan bo‘lishiga qaramay, bolasini ko‘rishini aytadi. Haqoratli so‘zlar bilan po‘pisa qilib, shifokorga tahdid qilgan va hattoki urmoqchi bo‘lgan. Shifokor A.E. pediatr shifokor emasligi hamda pediatr shifokor bo‘limda boshqa, og‘ir ahvoldagi bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotganini tushuntirishga qaramay, fuqaro I. E. janjal qilgan va bolasini shifokorlarga ko‘rsatmasdan uyiga olib ketgan. Bola bugungi kunda sog‘lom, rejali emlashlarni o‘z vaqtida olib kelmoqda hamda hudud shifokorlarining doimiy nazoratida turibdi.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Navbahor tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
– Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Resupublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida 2018 yil va 2019 yilning o‘tgan uch oyi davomida 40 dan ziyod tibbiyot xodimlariga bemor va bemor qarindoshlari tomonidan tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan. Ularning aksariyati bo‘yicha huquq-tartibot organlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lsada, hamon yetarli chora ko‘rilmagan holatlar ham mavjud. Jumladan, Markazning Surxondaryo viloyat filiali pediatriya bo‘limida shifokor G.M.ni tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan bemorning onasi urgan. Shuningdek, Xorazm viloyat filialida 103 chaqiruvida bemor ko‘rigi vaqtida shifokor T.Q.ni bemorning otasi mast holda urgan. Har ikki holat bo‘yicha tegishli organlarga xabar berilgan bo‘lsa-da, hozircha chora ko‘rilgani yo‘q. Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev. – Afsuski, yuqoridagi kabi illatlar yo‘qolish o‘rniga ko‘payishda davom etmoqda. Quvonarlisi, biz ichki ishlar, prokuratura idorasi yoki sud xodimiga nisbatan bunday tajovuz bo‘lganini juda kam eshitamiz. Bunga nima sabab? Sababi bitta. Qonunni bunday shaklda buzmoqchi bo‘lgan fuqaro qilmishi uchun oyog‘ini yerga tekkizmay olib borib, qamab qo‘yishlari mumkinligini biladi. Bu esa bugungi kunda yaxshi profilaktik samara bermoqda. Ular kabi jamiyat va xalqqa xizmat qilayotgan tibbiyot xodimiga nisbatan tajovuz qilganlik uchun ko‘zda tutilgan jinoiy jazolar esa birmuncha liberal. Oqibatda esa hech bir aybi bo‘lmagan tibbiyot xodimining sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan zarar yetkazgan shaxslar ham ayrim hollarda amalda hech qanday jazo o‘tamasdan qolib ketayotganligini achchiq alam bilan qayd etib o‘tmasdan ilojimiz yo‘q.
Nima bo‘lganda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, ularni har qanday noqonuniy xatti-harakatlardan asrash bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida bundan buyon ham tegishli choralarni ko‘rib boradi. Shifokorlarimizdan esa bu kabi har qanday noxush vaziyat yuzaga kelib qolganda kechiktirmasdan huquq-tartibot organlariga murojaat etishlarini so‘rab qolamiz.
LiveBarchasi