Sportdagi nufuzi ortgan Ortiqxo‘jayev – Sport dayjesti

Sport

Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yangi lavozimga saylandi, Eldor Shomurodovni to‘xtatib bo‘lmayapti, u Italiya maydonlarini “yondirish”da davom etmoqda, “Paxtakor”da o‘zgarishlar davri boshlanganga o‘xshaydi, jamoaning portugaliyalik ustozi iste’foga chiqarilgani haqida ishonchli xabarlar tarqaldi.

Assalomu alaykum. Shu va hafta sportiga oid muhim voqealar билан QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

Murodjon Ahmadaliyevning navbatdagi jangi sanasi va raqibi e’lon qilindi

O‘zbekistonlik professional bokschi Murodjon Ahmadaliyev navbatdagi jangini 30 may kunu o‘tkazadi. Bu haqda “Matchroom” promouterlik kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘sha kuni Meksikaning Gvadalaxara shahrida tashkil etiladigan profboks kechasida Ahmadaliyevga meksikalik Luis Kastilo raqiblik qiladi.

Kastilo ustidan qozoniladigan g‘alaba Ahmadaliyevga 14 sentyabr kuni Yaponiya poytaxti Tokio shahrida mutlaq chempion Naoya Inoue bilan jang qilish imkoniyatini beradi.

Ma’lumot uchun, WBA Interim kamari hisoblangan 30 yoshli Ahmadaliyev profringda 13-1 rekordga ega, uning bo‘lajak raqibi 51 yoshli Kastilo esa profboksda 31 ta g‘alaba, 6 ta mag‘lubiyat qayd etgan.

Shomurodov assist amalga oshirgan o‘yinda “Roma” g‘alaba qozondi

Kecha, 4 may kuni Italiya A Seriyasi 35-turi doirasida “Roma” o‘z uyida “Fiorentina”ni qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu o‘yinda rimliklar safida o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov assist amalga oshirdi.

Uchrashuv mezbonlarning faolligida boshlandi. Hujumlardan birida Shomurodovning yo‘llagan xavfli zarbasini De Xea qaytardi. Burchak zarbasidan keyin Shomurodov to‘pni boshi bilan hujumdagi sherigi Artyom Dovbikka uzatdi. Ukrainalik futbolchi esa deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qilib, hisobni ochdi. Ikkinchi taym boshida assist amalga oshirgan Eldor Shomurodov almashtirildi. 

O‘yin yakuniga qadar hisob boshqa o‘zgarmadi va Klaudio Raneri boshchiligidagi “Roma” ochkolar sonini 63 taga yetkazib olib, turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab kelmoqda. “Fiorentina” esa 59 ochkosi bilan 8-o‘ringa joylashdi.

Mahmud Murodov raqiblariga murojaat bilan chiqdi

Oktagon MMA promoushenining o‘rta vazn toifasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik jangchi Mahmud Murodov o‘zi bilan jang qilmoqchi bo‘lgan raqiblarini 84 kg vazn yig‘ishga chaqirdi. Bu haqda u promoushen matbuot xizmatiga bergan intervyusida aytdi.

“Raqibim 84 kg da emas, 77 kg da jang qilmoqchi. Ammo men 84 kg dan hech qayerga ketmayman, 77 kg ga ham tushmayman, 93 ga ham ko‘tarilmayman. Menga qarshi oktagonga chiqmoqchi bo‘lganlar 84 kg vazn yig‘sin. Fleuri meni 93 kg da jangga chorladi, ammo men vaznimni o‘zgartirmayman”, deydi Murodov.

Qayd etish joiz, Murodov shu yilning 14 iyun sanasida bo‘lib o‘tadigan “Oktagon 72” turnirida chexiyalik Patrik Kinslga qarshi oktagonga ko‘tariladi.

Ma’lumot o‘rnida, 35 yoshli Mahmud Murodov faoliyati davomida hozirga qadar 36 ta jang o‘tkazib, 28 g‘alaba va 8 mag‘lubiyat qayd etgan. Patrik Kinsl hisobida esa 28 g‘alaba va 11 ta mag‘lubiyat bor.

O‘zbekistonlik futbolchi Turkiya chempionati ramziy jamoasiga kiritildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Turkiyaning “Rizespor” klubi himoyachisi Husniddin Aliqulov mamlakat Superligasining 34-tur ramziy terma jamoasidan o‘rin oldi. Bu haqda “Sofascore” xabar berdi.

Portal tomonidan tuzilgan ramziy terma jamoada Aliqulovning Turkiya chempionati oxirgi turida ko‘rsatgan o‘yini 7,7 ballga loyiq ko‘rildi. “Rizespor” 34-turda “Gaziantep” klubini qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi, Aliqulov esa to‘liq 90 daqiqa maydonda bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Turkiya chempionatining ortda qolgan turlaridan keyin “Rizespor” 40 ochko bilan 14-o‘rinda bormoqda. 26 yoshli Aliqulovning rizeliklar bilan shartnomasi 2026 yil yozida nihoyasiga yetadi. Hozirda o‘zbekistonlik himoyachi jamoasining muhim futbolchilaridan biri hisoblanadi.

Ortiqxo‘jayev yangi lavozimga saylandi

Davlat va xususiy sektor vakillari, sport tashkilotlari rahbarlari hamda 170 ming nafarga yaqin xodimlarni band qilgan 200 dan ortiq tadbirkorlar ishtirokida O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi tashkil etildi va assotsiatsiyaning raisi o‘rinbosari etib Jahongir Ortiqxo‘jayev saylandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, takliflar asosida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi raisi, Jahongir Ortiqxo‘jayev raisning birinchi o‘rinbosari, “International Beverages Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktorlar kengashi raisi Shuhrat Ergashev rais o‘rinbosari etib saylangan.

Uchrashuvda korporativ sportni rivojlantirish va ommalashtirish, assotsiatsiya tomonidan tadbirkorlar o‘rtasida sport musobaqalarini tizimli tashkil etish asnosida mahoratli yoshlarni saralash lozimligi ta’kidlangan.

“Paxtakor” murabbiyi iste’foga chiqarildi

Toshkentning “Paxtakor” klubi bosh murabbiyi Pedro Moreyra lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Davron Fayziyev o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, “sherlar”ning joriy mavsumdagi qoniqarsiz natijalari sabab portugaliyalik mutaxassis iste’foga chiqarilgan. Yangi murabbiy tayinlangunga qadar jamoani Kamoliddin Tojiyev boshqarib boradi.

Ma’lumot o‘rnida, “Paxtakor” joriy mavsum Superligada 8-tur yakuniga ko‘ra, 9 ochko jamg‘arib, 12-o‘rinni band etib kelmoqda. Jamoa oxirgi o‘yinda “Surxon” mehmoni bo‘ldi va 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Shuningdek, Superliga klublari orasida “Andijon” va “Sho‘rtan” o‘z murabbiylarini iste’foga chiqardi. Dastlab, andijonliklarni boshqarib kelgan Aleksandr Xomyakovni keyin g‘uzorliklar Anvar Berdiyevni lavozimidan bo‘shatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing