Kamarlar uchun jang qilgan o‘zbeklar – Sport dayjesti

Sport

Ortda qolayotgan hafta o‘zbek yakkurashchilari uchun muhim voqealarga boy o‘tdi. O‘zbek boksi tarixidagi eng katta va shov-shuvli jang sifatida qaralayotgan to‘qnashuv o‘z tasdig‘ini topdi, Murodjon Ahmadaliyev mutlaq jahon chempioniga qarshi jang qiladigan bo‘ldi, yana bir o‘zbekistonlik bokschi o‘z vaznida WBA kamari uchun eliminatorlik jangini o‘tkazadi, futbolchilardan Eldor Shomurodov “Roma” yana oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

Shu va boshqa muhim sport mavzulari yuzasidan bugun QALAMPIR.UZ’ning sport dayjestida batafsil so‘z yuritamiz.

Ramazon Temirovning raqibi va jangi sanasi aniq bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik UFC jangchisi Ramazon Temirov qozog‘istonlik Asu Almabayevga qarshi oktagonga chiqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. 

Taxminlarga ko‘ra, mazkur bellashuv 2025 yilning 26 iyul kuni Abu-Dabi mezbonlik qiladigan UFC Fight Night turini doirasida bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot o‘rnida, Temirov o‘zining so‘nggi jangini joriy yilning mart oyida amerikalik Charlz Jonsonga qarshi o‘tkazib, ochkolar hisobiga ko‘ra, g‘alaba qozongan edi. Almabayev esa oxirgi jangida portugaliyalik Manel Keypega nokaut evaziga mag‘lub bo‘ldi.

28 yoshli Temirov shu vaqtga qadar UFC’da 2 ta jang o‘tkazishga ulgurdi va har ikkisida g‘alaba qayd etdi. 31 yoshli Almabayev esa tashkilotda 5 ta jang o‘tkazgan va 4 tasida g‘alaba qozongan. Yana 1 ta jangda qozog‘istonlik MMA ustasi mag‘lubiyatni qabul qilib olgan.

Bektemir Meliqo‘ziyev da’vogarlik jangida qatnashadi

O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev o‘zining navbatdagi jangini amerikalik Daryus Fulxumga qarshi o‘tkazadi.

Ushbu to‘qnashuv joriy yilning 30 may kuni AQSHning Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tadigan professional boks oqshomi doirasida o‘tkaziladi. Mazkur jang super o‘rta vazn toifasidagi WBA Eliminatori maqomida bo‘lib o‘tadi. 

Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) kamari uchun eliminator maqomida o‘tkaziladigan jangning promo roligi ham e’lon qilindi.

Video dinamik tempda bo‘lib, lavhalarda ikkala bokschining profringdagi yorqin faoliyati va mashg‘ulot jarayonlari aks etgan.

Ma’lumot uchun, Bektemir Meliqo‘ziyev faoliyati davomida hozirga qadar 16 ta jang o‘tkazib, 15 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Daryus esa 14 ta jangning barchasida g‘alaba qozongan.

Ahmadaliyev va Inoue jangi tasdiqlandi

Professional boksning ikkinchi yarim yengil vazn toifasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik bokschi, WBA Interim kamari sohibi Murodjon Ahmadaliyev toifaning mutlaq chempioni yaponiyalik Naoya Inouega qarshi jang bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda promouter Eddi Xirn o‘z Instagram sahifasida ma’lum qildi. 

Eddi Xirn o‘z sahifasiga post joylab, jang rasman tasdiqlanganini bildirdi.

“Muzokaralar yakunlandi. O‘zbek kuchiga qarshi “monstr”. Diviziondagi eng zo‘r jang”, deyiladi Xirrning postida.

Inoue o‘zining navbatdagi jangini amerikalik Ramon Kardenasga qarshi 4 may kuni o‘tkazadi. Ahmadaliyev ham may oyida ringga ko‘tarilishi kutilmoqda. Ahmadaliyev va Inoue o‘rtasidagi super jang joriy yilning 14 sentyabrida Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, 30 yoshli Ahmadaliyev shu vaqtga qadar profboksda 14 ta jang o‘tkazib, 13 tasida g‘alaba qozongan, 1 ta jangda esa imkoniyatni boy bergan. Mutlaq chempion 32 yoshli Inoue esa profboksda 29-0 rekordga ega.

Bahodir Jalolov Usik bilan jang qilishga ulgurmaydi

Super og‘ir vazn toifasidagi o‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov katta ehtimol bilan ukrainalik Aleksandr Usik bilan jang o‘tkaza olmaydi. 

Qozog‘istonning “Sports” nashri ma’lum qilishicha, Usik ikki jangdan so‘ng boksdagi faoliyatini yakunlashini aytgan. Ulardan biri britaniyalik Daniel Dyubuaga qarshi 19 iyul kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi jang uchun Aleksandrda ikkita variant bor - Entoni Joshua va Tayson Fyuri.

Usik o‘zi bilan jang qilish istagini bir necha bor bildirgan Jalolov bilan ringda to‘qnash kelish ehtimoli juda past.

Ozarbayjonlik bokschi Kamran Shohsuvarli o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov va hamyurti Magomedrasul Mejidov o‘rtasidagi jang o‘tkazilmaganini aytib, Jalolov boksdagi faoliyati haqida fikr bildirdi. 

“Men Jalolovga qarshi sparring qilishni ham xohlamadim. O‘zbekistonlik bokschi ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov bir vaqtlar uch karra jahon chempioni Magomedrasul Mejidovga qarshi jang qilishni istamaganini yaxshi eslayman. Ha, Jalolov o‘z davrining yuqori saviyali bokschisi, lekin Mejidov yoki Joshua pik vaqtida Jalolov yuqori natijalarga erisholmasdi. Ular Olimpiya o‘yinlari, jahon chempioni hisoblangan vaqtda Jalolov ham bo‘lganida, ularga qarshilik ko‘rsata olmasdi”, deydi Shohsuvarli.

Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov 5 aprel kuni Ostonada ancha tanaffusdan keyin professional boksdagi jangini o‘tkazdi. U ukrainalik Igor Shevadzutskiy bilan to‘qnash keldi va kutilmaganda raqibini nokautga uchratolmadi, Jalolov raqibini hakamlarning bir ovozdan chiqargan qaror bilan mag‘lub etib, professional faoliyatida ilk bora to‘liq jang o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing