Fayzullayevning keyingi bekati qayer? Sport dayjesti
Sport
−
05 aprel
4363Kutilganidek, bugungi dayjestda Angliyada to‘p tepayotgan yagona o‘zbekistonlik futbolchi, Yevropaning top klublari nishonida bo‘lib turgan Rossiyadagi o‘zbek vunderkindi va o‘z garajini “Gelik” bilan to‘ldirgan Eronda to‘p tepuvchi milliy terma jamoa yetakchisi haqida so‘z yuritamiz.
Toshkentdan Manchesterga qaytgan Husanovning “Siti”dagi o‘yini qanday o‘tdi?
30 mart kuni Angliya kubogi chorak finali doirasida “Manchester Siti” safarda “Bornmut” bilan bahs olib bordi. 2026 yilgi Jahon chempionati saralashi doirasida O‘zbekiston terma jamoasida qiyin o‘yinlarda qatnashib, ayniqsa 20 mart kuni Toshkentda o‘tgan Qirg‘iziston bilan o‘yin oldi va o‘yindan keyin ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p ko‘rinish berib, muhokamalar markazida bo‘lgan, Eron bilan o‘yindan keyin Tehron-Vena-Manchester yo‘nalishida Angliyaga qaytgan Husanovning “shaharliklar” safidagi “Bornmut”ga qarshi o‘yini ko‘ngildagidek o‘tdi.
O‘yinning 1-taymida Husanov va jamoadoshlarining omadi kelmadi. Erling Xoland 14-daqiqada “Bornmut” darvozasiga belgilangan penaltini golga aylantira olmadi va bundan ruhlangan mezbonlar 21-daqiqada Ederson darvozasini ishg‘ol qildi.
37-daqiqada hakam tomonidan Abduqodir Husanov qoidabuzarlik amalga oshirdi, deb topildi va sariq kartochka bilan ogohlantirildi. Sariq kartochka effektida Husanov 2-taym boshida zaxiraga olindi va uning o‘rniga maydonga tushgan 20 yoshli Niko O’Rayli o‘yin tizginini mehmonlar foydasiga o‘zgartirib yubordi. Aynan O’Raylining 2 ta uzatmasi evaziga “Siti” hujumchilari Erling Xoland va Omar Marmush mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi. Yakunda “Siti” 1 ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonib, musobaqaning yarim finaliga oldi.
Doimgidek o‘yindan keyin mashhur portallardan, “SofaScore” uchrashuvda qatnashgan futbolchilarning xatti-harakatlari va ular bilan bog‘liq epizodlarga tayanib, futbolchilarga qo‘yilgan ballarni e’lon qildi.
E’tiborlisi, uchrashuvda bir taym o‘ynagan va sariq kartochka bilan ogohlantirilgan Husanov bahsda “Siti” safida eng past ko‘rsatkich qayd etgan himoyachi bo‘ldi, 21 yoshli Husanovning ko‘rsatgan o‘yini 6,5 ballga loyiq ko‘rildi.
Ushbu o‘yinda eng yuqori ballni ikkinchi taymda aynan Abduqodir Husanovning o‘rniga maydonga tushgan hamda ikki golga assist amalga oshirgan Niko O’rayli oldi va u 7.9 ballga loyiq ko‘rilib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Bahsda eng past bahoni “Bornmut” vingeri Semeno oldi va u 5.2 ballga loyiq ko‘rildi.
“Arsenal” klubi va Angliya terma jamoasi sobiq futbolchisi Ian Rayt “Manchester Siti” himoyachisi, o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov “shaharliklar” uchun istiqbolli futbolchi ekanligini aytdi. Bu haqda u “Bornmut”-“Manchester Siti” o‘rtasidagi o‘yin oldidan tashkil etilgan studiyada so‘z ochgan.
“Abduqodir Xusanov “Manchester Siti” uchun juda istiqbolli futbolchi”, deydi Rayt.
Ma’lumot o‘rnida, 21 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi “shaharliklar” tarkibida 9 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Angliya chempionati 30-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” - “Lester” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv qaydnomasida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov nomi keltirilmadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Husanovda jarohat yo‘q va “shaharliklar” ustozi Pep Gvardiola shunchaki o‘zbekistonlik 21 yoshli futbolchiga dam berishga va uni keyingi turda bo‘ladigan “Manchester Yunayted” bilan o‘yinga asrashga qaror qilgan.
“Manchester Yunayted” - “Manchester Siti” o‘yini 6 aprel kuni o‘tkaziladi. Mazkur derbi Angliya chempionati 31-turidan o‘rin olgan bo‘lib, bahsga afsonaviy “Old Trafford” stadioni mezbonlik qiladi. Bahs Toshkent vaqti bilan 20:30 da start oladi.
Grandlar nishonidagi Fayzullayev
Moskvaning SSKA klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi vingeri Abbosbek Fayzullayev top-5 ligalari jamoalari e’tiboriga tushdi.
21 yoshli futbolchiga Yevropaning bir nechta klublari qiziqish bildirmoqda. Ammo hozircha ushbu jamoalarning nomi oshkor qilinmagan. Avvalroq, Fayzullayev Germaniyaning “Bavariya” klubiga o‘tishi haqidagi mish-mishlar tarqalgan edi.
Turkiyaning nomdor klublaridan biri “Galatasaroy” klubi ham Fayzullayev xizmatlariga befarq emasligi ma’lum.
Abbosbek Fayzullayevga Portugaliya klubi qiziqish bildirgan. Taniqli futbol agenti German Tkachenko ma’lum qilishicha, Fayzullayev tomoni Lissabonning Benfika klubi bilan muzokara qilishga ham ulgurgan.
“Futbolchi tomoni “Benfika” bilan muzokaralar olib borayotgandi. Biroq Lissabon jamoasi bu transferni siyosiy sabablarga ko‘ra rad etdi. Ular Rossiya bilan biznes yuritmaslik yaxshiroq, degan pozitsiyada. Biz Fayzullayevni “Benfika”ga o‘tishini muhokama qildik. Lekin birinchi bosqichdayoq klub rossiyaliklar bilan o‘zaro munosabatlar borasida rad javobini berdi. “Biz Rossiya bilan ish qilmaymiz” degan tezis paydo bo‘ldi”, deydi Tkachenko.
Qayd etish joiz, Fayzullayevdan oldin o‘zbekistonlik yana bir futbolchi Husayn Norchayevga ham Portugaliyaning taniqli klublaridan biri “Braga” qiziqish bildirgandi, ammo viza bilan bog‘liq muammolar sabab transfer amalga oshmay qoldi.
Moskvaning SSKA klubi yarim himoyachisi, “Barselona”ning sobiq futbolchisi Miralem Pyanich “armiyachilar”ning o‘zbekistonlik yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev “Barselona” futbolchisi bo‘lish orzusini qanday amalga oshirishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi.
“Abbos ajoyib futbol fazilatlariga ega. Agar u “Barselona”ga borishni istasa, orzusiga doim ishonishi va intilishi kerak. Bu yo‘l juda qiyin va uzoq, lekin har qanday holatda ham orzu yo‘lida sekinlashmaslik lozim. U har kuni ko‘p mehnat qilishi, mashq bajarishi, borini berib o‘ynashi va har jihatdan yaxshiroq bo‘lishga intilishi kerak. “Barselona”ga o‘tishning boshqacha retsepti yo‘q”, deydi bosniyalik futbolchi.
Joriy mavsumda Fayzullayev SSKA safida Rossiya Premer-ligasi hamda Kubogi doirasida 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 7 ta assist amalga oshirdi. “Transfermarkt” portali o‘zbekistonlik futbolchining qiymatini 8 million yevroga baholamoqda.
Doim trendda bo‘ladigan Masharipov
Ortda qolayotgan haftada tarmoqlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze terma jamoa a’zosi Jaloliddin Masharipovni Qirg‘iziston bilan o‘yindagi qizil kartochka sabab bildirgan izohi uchun terma jamoadan chetlatishga qaror qildi, degan mazmundagi xabarlar tarqaldi.
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Temur Kapadze bilan bog‘landi va murabbiy bunday xabarlar haqiqatdan mutlaqo yiroq ekanini tasdiqladi.
“Tarmoqlarda hazillashib, balki 1 aprel hazilini uyushtirishayotgandir. Bunday xabarlar mutlaqo yolg‘on. Masharipov bilan aloqamiz juda yaxshi”, deydi Kapadze.
O‘z navbatida, QALAMPIR.UZ ham o‘z kuzatuvchilaridan norasmiy sahifalarning tasdiqlanmagan xabarlariga ishonmaslikni so‘rab qoladi.
Qayd etish joiz, Mashripov Qirg‘iziston bilan o‘yindan keyingi intervyuda raqib futbolchisi qizil kartochka olganini o‘yin davomida payqamagani, raqib jamoada bir kishi kam ekanini zaxiraga olingach bilganini aytgandi.
Masharipov mavzusidan uzoqlashmaymiz. Ortda qolayotgan haftada Jaloliddin Masharipov Mersedes-Benz G-Slass, ya’ni “Gelik” avtomobilini sotib oldi.
Masharipov oq rangli “Gelik” suratini Instagram sahifasiga joyladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ulovning narxi taxminan 350 ming dollar turadi.
“Gelik” mavzusi o‘zbek futboliga begona emas. Avvalroq, O‘zbekiston milliy terma jamoasining yana bir a’zosi Abduqodir Husanovga asli qozog‘istonlik bo‘lgan futbol funksioneri Ulug‘bek Asanboyev ushbu qimmatbaho avtomobilni sovg‘a qilgandi.
O‘zbekiston FIFA reytingida yuqoriladi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi mart oyi yakuniga ko‘ra FIFA reytingida 57-o‘ringa chiqib oldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi fevral oyidagi reytingga qaraganda bir pog‘ona yuqorilab, 1437.02 ochko bilan 57-o‘rinni band etdi.
FIFA reytingida 1867.16 ochko jamg‘arib, Argentina terma jamoasi yetakchilik qilmoqda. Fevral oyida 3-o‘rinni qayd etgan Ispaniya bu safar 1854.64 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinni band etdi. Fransiya esa bir pog‘ona pastlab, 3-o‘ringa joylashdi. To‘rtinchi pog‘onada Angliya, beshinchi o‘rinda esa Braziliya bormoqda.
Osiyo jamoalari orasida esa eng yuqori natija Yaponiyaga tegishli. Yaponlar mart oyidagi reytingga ko‘ra, 15-o‘rinni band etdi. Eron 18, Janubiy Koreya 23, Avstraliya 26, Qatar 55-o‘rinda qayd etilgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi mart oyida 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi doirasida Qirg‘izistonni mag‘lub etdi va Eronga qarshi o‘yinda durang qayd etdi.
JCH yo‘llanmasi uchun kurashayotgan o‘zbekistonlik o‘smirlar
3 aprel kuni Saudiya Arabistonida start olgan 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi “A” guruhi ilk turida O‘zbekiston Tailandni 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvning 2-daqiqasidayoq Sadriddin Hasanov hisobni ochgan bo‘lsa, 12-daqiqada Nurbek Sarsenbayev oradagi farqni 2 taga oshirdi. Taym yakunida, ya’ni 40-daqiqada tailandlik futbolchi Silvia Mekses hisobni qisqartirdi. 80-daqiqada Asilbek Aliyev O‘zbekistonning 3-goliga mualliflik qildi. 85-daqiqada Abubakir Shukurullayev yakuniy nuqtani qo‘ydi, 4:1.
Shu tariqa, Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi ilk turni g‘alaba bilan boshladi.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi navbatdagi turni 6 aprel Xitoyga qarshi o‘tkazadi. Ushbu o‘yin Toshkent vaqti bilan 20:00 da start oladi. Qayd etish joiz, Xitoy ustidan qozonilgan g‘alaba o‘zbekistonlik o‘smirlarga shu yil Qatarda o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani taqdim etadi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel
Trenddagilar



