Sovetlardan qolgan sarqit. Xalqaro media Markaziy Osiyoda “svet” taqataq o‘chgani haqida bong urmoqda
Olam
−
25 yanvar 2022 19934 2 daqiqa
Bugun, 25 yanvar kuni Markaziy Osiyoning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarida sodir bo‘lgan elektr energiyasi uzilishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan xorijiy axborot agentliklari ham bong urmoqda.
BBC’ning bildirishicha, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston mamlakatlarini birlashtiruvchi elektr liniyasida jiddiy nosozlik yuzaga kelgan. Liniyaning boshlanishi Rossiya hududiga borib taqaladi. Qozog‘iston orqali o‘tib, Markaziy Osiyo davlatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi ushbu liniya sobiq Sovet davrida yotqizilgan.
Qayd etilishicha, uch mamlakatni elektr bilan ta’minlovchi liniya yuqori darajadagi kuchlanishga bardosh berolmay, ishdan chiqqan.
Elektrdagi uzulishlar Qozog‘istonning asosiy shahri hisoblanmish Olma-Ota hamda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning bir qancha hududlarida kuzatilgan.
“Resuters” agentligining ma’lum qilishicha, uzulishlar ortidan ushbu uchta mamlakatning barchasida oqava suv, markaziy isitish tizimi, avtomobillar yonilg‘i ta’minoti va internet faoliyati butkul to‘xtagan.
Markaziy shifoxonalardagi og‘ir ahvoldagi bemorlarga xizmat ko‘rsatayotgan muhim apparatlar generatorlar yordamida ishlatila boshlangan. Yer osti transportlari to‘xtab qolishi oqibatida aholi tunnellarda qolib ketgan.
RIA Novosti yozishicha, O‘zbekiston poytaxti Toshketda svetaforlar ishlamasligi oqibatida katta tirbantliklar yuzaga kelgan, bir nechta aviaqatnovlar bekor qilingan.
Bildirilishicha, shu tariqa 1970 yilda yotqizilgan elektr liniyalarining qanchalik “ishonchli” ekanligi ayon bo‘lgan.
Voqea yuzasidan Markaziy Osiyoning uchala mamlakati rasmiylari ham bayonot bilan chiqqan.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘istondan keluvchi markaziy elektr ta’minotining 530 ta liniyasida kuchlanish va chastotani keskin oshib ketishi oqibatida uzulish sodir bo‘lgan.
Qirg‘iziston energetika vazirligi matbuot kotibi telefon orqali bo‘lgan suhbatda AFP jurnalistiga “mintaqaviy elektr tarmog‘idagi avariya tufayli elektr energiyasi uzilgan”, deya bildirgan.
Qozog‘iston milliy elektr ta’minoti markaziga ko‘ra, “O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimida yuzaga kelgan jiddiy favqulodda nomutanosiblik tufayli Qozog‘istondagi elektr tarmoqlarida kuchlanish ortib ketgan”.
Bundan avval, o‘tgan yilning yozida Qozog‘iston va Qirg‘iziston xuddi shunday elektr ta’minotidan ommaviy tarzda uzilishni boshdan kechirgan edi.
Bunga Xitoy hukumatining mamlakatda kriptovalyuta mayningi bilan shug‘ullanishni taqiqlab qo‘ygani ortidan yirik kriptovalyuta tashkilotlari ushbu ikki Markaziy Osiyo davlatiga ko‘chib o‘tgani sabab bo‘lgan.
Kriptovalyuta mayningi bilan bog‘liq operatsiyalar sonining keskin ortib ketishi oqibatida Qozog‘iston shimolidagi hududlar elektr stansiyalari bosimni ko‘tara olmay ishdan chiqqan.
Behruz Saidov
Live
Barchasi