“Soliq-hamkor”dan foydalanish chaqimchilikka kiradimi?

Biznes

Supermarket va do‘konlarga kirganingizda aksiz markasi mavjud bo‘lmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan sifatsiz mahsulot sotilganining, chek bermaslik, plastik karta qabul qilmaslik kabi holatlarning guvohi bo‘lganmisiz. Xo‘sh, bunday vaziyatda qanday yo‘l tutasiz?

QALAMPIR.UZ so‘rovnomasida ishtirok etgan respondentlarning ko‘p qismi bunday voqeani boshdan kechirganini aytib berdi.

“Sifatsiz mahsulot sotilganining guvohi bo‘lganman. Sharbat olganimda uning yaroqlilik muddati o‘tgan ekan. Keyin buni sotuvchining o‘ziga aytganman”, dedi biz mikrofon tutgan fuqarolardan biri.

“Supermarketlarda doim chek beradi, lekin kichik do‘konlarda unday emas. Yaqinda “Farhod” bozorida sharbat olgandim, chek bermadi. Qarasam, yaroqlilik muddati ham o‘tgan ekan. Urishib-urishib qaytarib bervordim”, deya o‘z boshidan o‘tkazgan voqeani gapirib berdi boshqa bir iste’molchi.

Yana bir respondent esa bunday voqealar ko‘p bo‘lishini, u ham sotuvchiga yaroqsiz mahsulotni qaytarib berishini ma’lum qildi.

Fuqarolarning o‘z huquqlarini talab qilishi bu juda yaxshi holat, ammo sotuvchi talabni bajarmagan taqdirda buning boshqa yo‘li ham bor. “Soliq-hamkor”!
2022 yildan boshlab iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish, shuningdek, ushbu sohada ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni ta’minlash maqsadida soliqqa oid huquqbuzarliklardan xabardor qilish uchun “Soliq-hamkor” maxsus axborot tizimi ishga tushgan.

So‘rovnomada ishtirok etgan ayrim fuqarolar bu tizimdan xabari bo‘lsa, ayrimlari “Soliq-hamkor” orqali huquqbuzarliklardan xabar berish bu chaqimchilikka kirishini aytdi. Lekin Soliq qo‘mitasi mas’uli Ulug‘bek Saidov bu chaqimchilik emasligi, aksincha odamlarning qonunparvarligini oshirishi, o‘z huquqlarini talab qilishga undashini aytib o‘tdi. 

“Soliq-hamkor” maxsus axborot tizimi jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jismoniy shaxslar tomonidan soliqdagi huquqbuzarliklar haqida soliq organlarini habardor qilish maqsadida joriy etildi. Bu tizim asosida bugungi kunga qadar jamoatchilik tomonidan doimiy xabarlar yetib kelmoqda. 

Masalan, 2022 yilda jami 145 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. O‘tgan yilning 3 oyi davomida esa 41 mingdan ortiq xuddi shunday murojaatlar kelib tushdi”, dedi Soliq qo‘mitasi katta inspektori Ulug‘bek Saidov.

Saidovning aytishicha, kelib tushgan murojaatlar yuzasidan tahlil qilinganda, 145 mingta shikoyatning 132 mingtasi savdo xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida xarid chekini bermaslik holati bilan bog‘liq.

“Shuningdek, 6 mingta holat plastik kartaga xarid qilmaslik, 496 tasi plastik kartaga qimmat sotish va 5800 dan ortig‘ida boshqa noqonuniy tadbirkorlik holatlari haqida murojaat qilingan. 

2023 yil boshidan 3 oy davomida kelib tushgan 41 mingdan ortiq murojaatlarning 37 mingtasi chek bermaslik, 1600 dan ortig‘i plastik karta orqali savdoni amalga oshirmaslik, 57 ta holatni plastik kartaga qimmat sotish hamda 1000 dan ortiq holatni boshqa turdagi huquqbuzarliklar tashkil etadi”, dedi Saidov.

Eng muhimi mazkur platforma orqali jismoniy shaxslar nafaqat huquqbuzarliklardan soliq idoralarini xabardor qilishi, balki buning uchun huquqbuzarlardan undirilgan jarimaning 20 foizini, 1 mln so‘mdan 500 ming so‘mgacha mablag‘ni mukofot tariqasida olishi mumkin. 

“2022 yilda huquqbuzarliklar haqida xabar bergan fuqarolarimizga 35 mlrddan ortiq 2023 yilning 3 oyi davomida esa 6 mlrddan oshiq to‘lovlar to‘lab berilgan”, deya ma’lumot berdi Soliq qo‘mitasi katta inspektori.

Masalan, jismoniy shaxs sigaretlarning noqonuniy savdosi haqida xabar topsa, dastavval “Soliq” ilovasini yuklab olishi, telefon raqamini kiritib ro‘yxatdan o‘tishi va ilovadan “Soliq-hamkor” bo‘limini tanlab, huquqbuzarlik haqida xabar berishi kerak.

Noqonuniy savdo bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismini aynan noqonuniy sotilayotgan tamaki va alkogol mahsulotlari yuzasidan bildirilgan murojaatlar tashkil qiladi.

“O‘tgan yil davomida tamaki va alkogol mahsulotlari bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 45 ming donadan ortiq tamaki mahsulotlari va 39 mingdan ortiq alkogol mahsulotlari noqonuniy tarzda savdoga kiritilgani uchun olib qo‘yilgan”, dedi Ulug‘bek Saidov.

Darhaqiqat, “Soliq-hamkor” tizimi mamlakatda amalga oshirilayotgan xufiyona savdo aylanmasiga chek qo‘yish maqsadida tashkil etilgan bo‘lsada, O‘zbekistonda haligacha noqonuniy tovar aylanmalari katta ulushni tashkil qiladi. Masalan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha birgina noqonuniy tamaki mahsulotlari miqdori 21,7 foizni tashkil etmoqda.

Bunday noqonuniy, noxush holatlarga deyarli har kuni, har bir fuqaro duch kelishi mumkin. Shu sababli na mamlakatga va na sizga foyda olib kelmaydigan noqonuniy savdoga qarshi har kim kurashishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Soliq-hamkor chek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar