“Soxta nikohlar oldi olinadi”. “Taraqqiyot strategiyasi” propiska tizimidagi o‘zgarishlarga izoh berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan propiska tizimini isloh qilishga doir O‘zbekiston Respublikasi qonuni hamda Hukumat qarori loyihalarining asosiy normalari umumxalq muhokamasi uchun “Taraqqiyot strategiyasi” markazining veb-saytiga joylashtirildi.

1. “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonunda qo‘llanilgan “propiska qilish” tushunchasi xalqaro tajribaga asoslangan holda “ro‘yxatdan o‘tkazish” tushunchasiga almashtirilmoqda.

Asoslantirish: “Propiska” so‘zi sobiq Ittifoq tuzumida joriy qilingan atama bo‘lib, hozirgi kunda barcha davlatlar ushbu atamadan voz kechgan. 

Bundan tashqari, ushbu atama fuqarolar ongida “to‘sqinlik qiluvchi”, “bir joyga bog‘langan”, “erkinlikni cheklovchi” “ajratuvchi” degan tushunchalarni keltirib chiqarmoqda.

2. Fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat o‘zi doimiy ro‘yxatda bo‘lgan manzilga, balki egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga doimiy ro‘yxatga qo‘yish imkoniyati berilmoqda.

Oila kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, bolalar ota-onasiga nisbatan to‘g‘ri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan – ikkinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi va hokazo. 

Asoslantirish: Birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarning faqatgina doimiy ro‘yxatda bo‘lgan uy-joy maydoniga doimiy ro‘yxatga qo‘yish fuqarolarga qiyinchiliklar tug‘dirib, ortiqcha ovoragarchilikdan boshqa hech qanday ta’sirga ega emas.

Bunda, bir nechta uy-joyga egalik qiluvchi fuqaro qarindoshlarini doimiy ro‘yxatdan o‘tkazishga erishish uchun egaligida bo‘lgan boshqa uy-joy maydoniga ro‘yxatdan o‘tish orqali muammoni hal etib kelgan. 

3. Doimiy ro‘yxatga qo‘yish uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti hamda bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda doimiy propiskani yo‘qotishi to‘g‘risidagi qoida olib tashlanmoqda.

Asoslantirish: nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni sotib olishdagi to‘siqlar sababli “soxta” nikohlarning oldini olish maqsadida kiritilgan. 

Mazkur to‘siqlarning olib tashlanishi “soxta” nikoh tuzish ehtiyojini yo‘qotadi.

4. Oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslarga ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish imkoniyati yaratilmoqda.

Asoslantirish: Amaldagi qonunchilikda yetim bolani tarbiyalash uchun oilaga qabul qilgan (patronat) shaxslar yetim bolalarni o‘zi yashayotgan uy-joyga doimiy ro‘yxatdan o‘tkazishi nazarda tutilmagan. (2019 yilda Toshkent shahrida 236 ta, Toshkent viloyatida 14 ta bola patronatga olingan)

5. Ilgari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan fuqarolar doimiy yashash uchun tegishincha qaytib kelganida, ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga hech qanday to‘siqlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi belgilanmoqda. 

Bunda, fuqaroning Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan boshqa joyga ro‘yxatdan chiqib ketish sabablari inobatga olinmaydi. 

Asoslantirish: Amaliyotda mutaxassislar propiskasini yo‘qotib qo‘yish qo‘rquvi sababli Toshkent shahridan boshqa viloyatlarga doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borishni rad etib kelmoqda.

Bundan tashqari, fuqaro qayta doimiy ro‘yxatga ega bo‘lish uchun haqiqatda boshqa joyda o‘qiganligi yoki davlat yo‘llanmasi bilan ishlaganligini isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.

6. Quyidagi fuqarolar uchun lavozimni egallab turish davriga beriladigan doimiy ro‘yxatga olinish huquqiga cheklov bekor qilinmoqda:

•    Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar (ularning oila a’zolari);

•    qonun hujjatlariga muvofiq davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylangan fuqarolar (ularning oila a’zolari);

•    davlat organlariga, xo‘jalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga rahbarning iltimosnomasi bilan ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar (ularning oila a’zolari).

Asoslantirish: bugungi kunda tegishli lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolarga hamda respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislarning yashash bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olinishi ularning lavozimni egallab turish muddati bilan bog‘langan. Xususan, lavozimdan ketish yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatni bekor qilishga olib keladi.

Ilgari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan hamda boshqa viloyatlarga ko‘chib ketgan fuqarolarga Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga qaytganda hech qanday to‘siqsiz doimiy ro‘yxatga olinish huquqi berilishi munosabati bilan ushbu cheklov o‘z ma’nosini yo‘qotmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 07.10.2016 yildagi 336-son qarori bilan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan idoralar ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, unda 96 ta tashkilot nazarda tutilgan.

7. Respublikaning boshqa hududlarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi (shartnomadagi narxning 5 foiz) bekor qilinmoqda.

Asoslantirish: alohida toifadagi shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk sotib olinganda alohida boj to‘lovining belgilanishi fuqarolarni mulk olish bo‘yicha tabaqalashtirish hisoblanadi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 02.03.2020 yildagi PF–5953-son Farmonida mazkur to‘siqni bekor qilish nazarda tutilgan.

8. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tishida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan istisnolarni inobatga olgan holda Uy-joy kodeksining bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalariga rioya etilishi shartligi ko‘zda tutilmoqda.

Uy-joy kodeksining 42-moddasiga muvofiq munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joylar fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq beriladi.

Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 1 kishi hisobiga 16 kv. m.dan kam bo‘lmagan umumiy maydon hajmida, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa - 23 kv. m.dan kam bo‘lmagan hajmda belgilanadi.

Asoslantirish: Quyidagi fuqarolarga nisbatan ijtimoiy norma qo‘llanilmasligi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida belgilanmoqda:

a) bir-birining doimiy ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga:

•    er-xotin;

•    ota-onalar, farzandlar;

•    bobo-buvi, nevaralar;

•    Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olingan tug‘ishgan aka-ukalar, opa-singillar;

b) oldingi istiqomat joyiga, o‘z oila a’zolarining, qarindoshlarining uy-joy maydoniga:

•    ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslar;

•    muddatli harbiy xizmat tugagandan so‘ng, Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar;

•    ilgari mazkur aholi punktida yashagan, mehnat shartnomasi bilan ishlash uchun vaqtincha boshqa joyga ketgan shaxslar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka muvofiq vaqtincha boshqa joyga ketganda, 

•    uy-joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladigan fuqarolar;

v) vasiy (homiy), tutingan ota yoki ona doimiy ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga – vasiylikdagi (homiylikdagi) hamda oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar;

g) akasi, ukasi, opasi, singlisining ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga –

•    balog‘atga yetmagan, ota-onasi bo‘lmagan tug‘ishgan aka-ukalar,  

•    opa-singillar, shuningdek, mehnatga layoqatsiz tug‘ishgan aka-ukalar, 

•    opa-singillar, agar ularning o‘z oilalari bo‘lmasa, yoshidan qat’i nazar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing