Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish strategiyasi tasdiqlanadi

Jamiyat

image

2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish strategiyasi tasdiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish tizimining samaradorligini oshirish va tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida bozor mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida belgilangan.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan qaror loyihasida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Davlat byudjeti va boshqa manbalardan ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish va maqsadli sarflash funksiyalarini amalga oshiruvchi Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda shakllantirilgan:

•    2021 yil 1 yanvardan boshlab byudjet hisobidan saqlanadigan koykalar fondi buyurtma asosida moliyalashtiriladigan tibbiyot muassasalari;

•    2021–2022 yillarda mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga qayta tashkil etilgan holda, davlat ulushlari auksion savdolari orqali xususiy investorlarga tibbiy faoliyatni amalga oshirish sharti bilan sotiladigan tibbiyot muassasalari;

•    2021–2023 yillarda tibbiy faoliyatni amalga oshirish yoki uni tashkil etish sohasida amaliy tajribaga ega tadbirkorlik sub’ektlariga davlat-xususiy sheriklik asosida ishonchli boshqaruvga beriladigan respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ma’qullanadi.

Belgilanishicha, davlat mulki ob’ektlarini sotishdan tushadigan mablag‘lar, istisno tariqasida, qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi byudjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasiga qoldiriladigan mablag‘lar, shuningdek, baholovchi tashkilot va savdo tashkilotchisi xizmatlari uchun xarajatlar chegirilgan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligining Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun maqsadli sarflanadi.

Ushbu band bilan bog‘liq chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarlari shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yiladi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga ayrim tibbiy yordam turlarini davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlarida olish huquqini beruvchi tibbiy yo‘llanmalar joriy etiladi;

b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun yo‘llanma (order) olishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

•    bemor yashash joyi bo‘yicha qishloq vrachlik punkti yoki oilaviy poliklinikaning yo‘llanmasi va boshqa zarur hujjatlarni tegishli tibbiyot birlashmasining markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasiga sog‘liqni saqlash milliy integratsiyalashgan axborot tizimi (SSMIAT) orqali yuboradi;

•    tuman (shahar) markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari bemorning tibbiy hujjatlarini ko‘rib chiqish va uni, zarur hollarda, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalarini, shuningdek, ular bo‘yicha tuzilgan xulosani bemor murojaat qilgan kundan e’tiboran ikki ish kunidan kechiktirmay SSMIATga kiritadi;

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiyot tashkilotlari tuman (shahar) tibbiyot tashkilotlari tomonidan yagona integratsiyalashgan axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida bemor murojaatidan so‘ng ikki ish kuni ichida, zarur hollarda, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va unga yo‘llanma (order) beradi yohud ularni olish uchun SSMIAT orqali navbatga qo‘yadi.

Bunda, bemorlar o‘z so‘rovlariga ko‘ra murojaatining ko‘rib chiqilishi holati hamda yo‘llanma (order) olish yohud bepul davolanish uchun navbati haqidagi axborotni real vaqt rejimida elektron shaxsiy kabinet orqali, shuningdek, qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida olish tizimi yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

•    ushbu bandda nazarda tutilgan ro‘yxatga muvofiq imtiyozli toifadagi shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turlari va hajmlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi;

•    kam ta’minlangan oilalarga mansub shaxslar toifasiga kiruvchi fuqarolar 2021 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlarida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga muvofiq aniqlanadi.

Tibbiy xizmat bo‘yicha bemorlarning elektron navbatini tashkil etgan davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalariga beg‘araz yordam doirasida kelgan tibbiy texnika va jihozlardan, agar O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, pullik tibbiy xizmatlarni tashkil etishda foydalanishga ruxsat beriladi.

2021 yil 1 martdan boshlab tibbiy faoliyatni litsenziyalashning quyidagilarni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi:

•    tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish haqidagi arizani umumiy tartibda ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish muddati amaldagi 20 kundan 15 kungacha qisqartiriladi;

•    tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishi faqat bunday buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida tugatiladi (to‘xtatiladi) va litsenziya amaldagi boshqa tibbiy ixtisoslik turlari qismida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtiriladi;

•    qo‘shimcha tibbiy ixtisoslik turiga yoki tashkilot filialiga litsenziya olishda, litsenziya talabgorining xohishiga ko‘ra, uning litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini o‘rganish faqat so‘ralayotgan tibbiy ixtisoslik turi hamda tashkilot filiali qismida o‘tkaziladi va ushbu ixtisoslik turiga (filialga) litsenziya belgilangan tartibda mavjud litsenziyaning amal qilish muddatiga beriladi. Bunda amaldagi litsenziya tegishli qo‘shimchalar kiritilgan holda qayta rasmiylashtiriladi.

2020 yil 1 noyabrdan boshlab Akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro forumning (IAF) to‘laqonli a’zosi bo‘lgan organlar tomonidan “Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi” (FDA) va (yoki) “Yevropa muvofiqligi” (SE) xalqaro standartlari talablariga muvofiq sertifikatlangan tibbiy texnikalar O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida ularning xavfsizligi, sifati va samaradorligini aniqlash maqsadida laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaydi va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat qilingan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Belgilanishicha, nazarda tutilgan tartib ro‘yxatda keltirilgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tibbiy texnikalarga nisbatan tatbiq etiladi.

2021 yil 1 martdan boshlab belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shifokorlar ko‘rsatmalarini uy sharoitlarida bajarish va bemorlarni o‘z uylarida parvarish qilish – “hamshiralik ishi” faoliyatini amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 fevralga qadar hamshiralik ishi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq tartib-taomillarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2021 yil 1 yanvardan:

•    O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarga o‘zining va yaqin qarindoshlarining (turmush o‘rtog‘i, voyaga yetmagan farzandlari va pensiyadagi ota-onasi) respublika hududidagi tibbiyot tashkilotlarida tibbiy yordam olish bilan bog‘liq bo‘lgan haqiqatda amalga oshirilgan va hujjatlar (onlayn nazorat-kassa mashina QR-kodli cheklari va boshqalar) bilan tasdiqlangan xarajatlarini daromad solig‘i bazasidan chegirib tashlash huquqi beriladi;

•    soliq to‘lovchilarning ish haqi va boshqa daromadlarining ixtiyoriy tibbiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofotlarini to‘lash uchun yo‘naltiriladigan, lekin soliq davri davomida 5 mln. so‘mdan oshmagan qismiga soliq solinmaydi. Bunda, sug‘urta shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda va sug‘urta badali (uning bir qismi) sug‘urta qildiruvchiga yoki sug‘urtalangan shaxsga qaytarilganda, qaytariladigan sug‘urta badali sug‘urta tashkiloti tomonidan soliqqa tortiladi.

Ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 46 birlikdan iborat Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi.

Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

•    davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;

•    2021 yil 1 iyuldan 2022 yil yakunigacha bo‘lgan muddatda Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish;

•    aholining barcha qatlamlarini sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmiga kiritilgan tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;

•    tajriba-sinov loyihasi doirasida aholining barcha qatlamlariga davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilishini moliyalashtirish;

•    tajriba-sinov loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini qoplash maqsadida ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;

•    davlat tibbiy sug‘urtasining yagona axborot tizimi, ma’lumotlar bazasi va boshqa axborot resurslarini boshqarish, ularning lozim darajada ishlashini ta’minlash;

•    tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Jamg‘armaning ijro etuvchi apparati xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi hamda ularning lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,6 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga Jamg‘arma ijro etuvchi apparati mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 25 foizi miqdorida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

a) bir hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

•    davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishga oid tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;

•    “Elektron sog‘liqni saqlash” tizimini, shu jumladan davlat tibbiy sug‘urtasining yagona axborot tizimi, ma’lumotlar bazasi va boshqa axborot resurslarini joriy etish bo‘yicha amaliy takliflarni kiritadi;

•    b) Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi va ma’muriy reglamentini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

v) Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ko‘z shoh pardasini konservatsiyalash va transplantatsiya qilishning vaqtinchalik tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

•    bemorlarga ko‘z shoh pardasini konservatsiyalash va transplantatsiya qilish bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiruvchi davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun qo‘yiladigan talablar;

•    ko‘z shoh pardasini transplantatsiya qilishni faqatgina donor tomonidan uning tirikligida beriladigan roziligi asosida hamda ushbu sohaga oid xalqaro standartlar va talablarga rioya qilgan holda amalga oshirish;

g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

•    davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid mavjud texnika va jihozlar xatlovini o‘tkazish va shakllangan ehtiyojni qoplash to‘g‘risida;

•    davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalaridagi mavjud tibbiy texnika va jihozlarni xatlovdan o‘tkazish va pasportlashtirish, shuningdek, tibbiy texnika va jihozlarning texnik holati va kadrlar ta’minotini, ulardan foydalanish samaradorligini, ayrim tibbiy texnika va jihozlar bo‘yicha haqiqiy ehtiyojni tahlil qilish tizimini yaratish to‘g‘risida;

•    qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

19

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing