Sog‘liqni saqlash tizimida bir nechta tayinlovlar amalga oshirildi
Jamiyat
−
09 aprel 2021
16160O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida bir nechta tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Mohigul Toshnazarova vazirlikning Davlat tibbiyot tashkilotlarida dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlandi.
Mohigul Toshnazarova 2014 yilda Toshkent farmatsevtika institutini tamomlagan. Shu paytga qadar “Qashqadaryo dori-darmon” AJda dorixonalarni nazorat kilish inspektori, ushbu muassasa bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Avazbek Tolmasovich Usmonov vazirlikning Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Birlamchi tibbiy profilaktika yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Tibbiyot fanlari nomzodi Avazbek Usmonov 1974 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. O‘z faoliyatini Qo‘qon shahridagi 1-son shahar shifoxonasida neyrotravmatologiya bo‘limida stomatolog-xirurg vazifasidan boshlagan. Keyinchalik Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasida neyrotravmatologiya bo‘limi stomatolog-xirurgi, so‘ng Qo‘qon shahar diagnostika markazi bosh shifokori vazifasida ishlagan.
Mutaxassis 2017 yildan buyon Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi bosh shifokori sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Bahodir Rahmonovich Bo‘riyev vazirlikning Sog‘liqni saqlash tizimi infratuzilmasini rivojlantirish va qurilishini tashkillashtirish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Bunga qadar u mazkur boshqarmada boshliq o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
53 yoshli Bo‘riyev Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan bo‘lib, ko‘pgina tashkilotlarda mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
2005 yil “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Umidulla Rahmatullayevich Risqiyev vazirlikning Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Bunga qadar u Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Falsafa fanlari doktori (PhD) Umidulla Risqiyev 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlab, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ish boshlagan.
U o‘z faoliyati davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida shifokor-xirurg, markazning 1-shoshilinch xirurgiya bo‘limi mudiri, bosh shifokorning xirurgiya bo‘yicha o‘rinbosari, qabul tashxislash bo‘limi mudiri, davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari kabi mas’uliyatli vazifalarda ishlab kelgan.
LiveBarchasi