Sodiq Safoyev Yaponiya imperatorining oliy ordeni bilan mukofotlandi

Jamiyat

image

Bugun, 3 noyabr kuni Yaponiya hukumati 2021 yilning kuzida imperator ordeni bilan mukofotlangan chet ellik fuqarolar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham kiritilgan. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Sodiq Safoyev O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish hamda do‘stona munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” bilan taqdirlangan.

“Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini ilgari surish va ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishda ko‘p yillik xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Solihovich Safoyev Yaponiyaning “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” (Grand Cordon of the Order of the Rising Sun) bilan mukofotlanadi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlash kerakki, “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” faqat ulkan natijalarga erishgan shaxslarga beriladigan Oliy mukofot hisoblanadi va u O‘zbekiston fuqarolariga birinchi marta berilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Sodiq Safoyev 1954 yilda tug‘ilgan. U 1976 yil Toshkent davlat universitetini bitirgan. 1990–1992 yillarda Garvard universitetida amaliyot o‘tagan, O‘zbekiston Prezidenti apparati va Fanlar akademiyasida ishlagan.

Safoyev turli yillarda Tashqi ishlar vaziri, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi, Prezidentning davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi, Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

Shuningdek, Sodiq Safoyev 2005 yilning fevralidan noyabriga qadar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori vazifasida faoliyat yuritgan. 2016 yilning dekabrida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosariga aylangan, 2020 yilning yanvarida ushbu lavozimga qayta saylangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

75

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing