Sochning erta oqarishiga sabab nima?
Salomatlik
−
12 dekabr 2020
26466Organizmimizdagi keksayayotganimizni ko‘rsatuvchi o‘zgarishlar bizni doim ranjitadi. Ayniqsa, ko‘zguga boqqanimizda sochimizdagi oqni, yuzimizdagi ajinni ko‘rish tashvishga qo‘yadi. Ammo ba’zan bu belgilar yoshimiz ulg‘ayishidan emas, tanamizda qandaydir xastalik borligini bildiradi.
Shunday alomatlardan biri sochning erta oqara boshlashi. Xo‘sh, sochlarning erta oqarishiga sabab nima, uni davolasa bo‘ladimi? Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Avaz Inoyatov SSV Matbuot xizmatining shu xususdagi savollariga javob berdi.
— Sochlarning oqarishi qanday yuz beradi?
— Sochlarning rangiga maxsus melanotsit hujayralarida ishlab chiqariladigan melanin pigmentlari javob beradi. Bu hujayralar soch ildizida joylashgan bo‘ladi. Yosh ulg‘aygan sayin pigment hosil qiluvchi hujayralarning funksiyasi sustlashadi va melanin moddasini ishlab chiqarish to‘xtaydi. Ushbu tabiiy jarayon boshlanadigan vaqt har kishida genetik tarzda belgilangan.
Ma’lum bo‘lishicha, yevropoid irqiga mansub kishilarda soch oqarishi taxminan 34 yoshda, osiyoliklarda – 30-34 yoshda paydo bo‘lar ekan.
Bizda esa, bu holat ko‘pincha 35 yoshlarga to‘g‘ri keladi. Afsuski, oqargan sochlarni yana qoraytirishning iloji yo‘q. Ammo oq sochlarni yashirish uchun ko‘pchilik turli soch bo‘yoqlaridan foydalanadi. Sochlarning oqarishi vaqtidan ilgari ham sodir bo‘lishi mumkin.
Masalan, ba’zida 19-20, 20-25 yoshli insonlarning ham sochlariga oq oralashi mumkin. Bu esa, qarilikdan emas, insonning salomatligida muammo borligini ko‘rsatadi. Ayrim hollarda esa, vitaminlar yetishmovchiligi, sochni sifatsiz yuvish vositalaridan foydalanilishi ham sochlar oqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.
— Sochlarning erta oqarishiga sabab nima?
— Eng avvalo, bu nasliy yuz beradi. Yo bo‘lmasa, organizm uchun zarur bo‘lgan ba’zi kerakli moddalarning yetishmovchiligi yoki kishining jismoniy ruhiy holati ham xastalikka sabab bo‘lishi mumkin.
Masalan, organizmda oqsil moddasi, aniqrog‘i tirozin moddasi yetishmovchiligi sochlarning oqarishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, V guruhi vitaminlari, rux (sink) va mis (med) organizmda yetarli darajada bo‘lmasligi ham bu muammoni yuzaga keltiradi.
Ayrim salbiy odatlar va ayrim mahsulotlarni keragidan ortiqcha iste’mol qilish sochlarning rangiga ta’sir o‘tkazadi. Xususan, chekish, tuz va qaxva iste’mol qilish ham sochlarning erta oqarishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari inson ruhiyatidagi o‘zgarishlar ham uning sochlarini oqarishiga sabab bo‘ladi. Kuchli asabiylashish va stress melanin moddasining ishlab chiqarilishining to‘xtashi, soch o‘zagidagi oqsilda ushlanib qolishi va modda tarkibining o‘zgarishi oqibatida soch qisqa fursatda oqarib ketishi mumkin.
Tarixda juda qisqa vaqt ichida odamlarning sochlari kuchli asabiy holat tufayli oqarib ketgan holatlar ham uchrab turadi. Masalan, Fransiya qirolichasi Mariya Antuanettaning sochlari qatl jazosidan oldin bir kechada oqarib ketgan.
Bu hodisani organizm melanin va oqsil moddasini birlashtiruvchi kimyoviy reaksiyani buzadigan moddalarni ishlab chiqara boshlashi bilan izohlash mumkin.
Kamqonlik kasalligi, qalqonsimon bez funksiyasining buzilishi, qandli diabet bilan xastalanganda, yurak qon bilan yetarli darajada ta’minlanmaganida, jinsiy funksiyalar buzilganida, organizmdagi kislotalilik darajasi baland bo‘lganida ham bu holat yuzaga keladi.
Sababini aniqlamasdan turib kasallikni davolab bo‘lmaydi. Uni aniqlash uchun sizga shifokor yordam beradi. Albatta, sochlaringiz erta kumushrang hosil qila boshlasa, darhol shifokorga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.
LiveBarchasi