Sobiq senator Prezident qotilligida gumonlanib, hibsga olindi
Olam
−
16 yanvar 2022
6702Yamayka hukumati 2021 iyul oyida amalga oshirilgan Gaiti Prezidenti Jovenel Moisening suiqasdida asosiy gumondor bo‘lgan sobiq gaitilik senatorni hibsga oldi. Bu haqda Yamayka milliy politsiyasi xabar qilgan.
Yamayka Konstabulyar kuchlari matbuot kotibi Dennis Bruksning “Reuters” axborot agentligiga ma’lum qilishicha, hukumat tomonidan Gaiti Prezidnenti Jovenel Moisening o‘ldirilishida gumonlanuvchi sifatida ko‘rsatilgan taniqli gaitilik siyosatchi Jon Joyel Jozef 14 yanvar kuni maxsus kuchlar tomonidan hibsga olingan.
Ma’lum qilinishicha, Prezidentga uyushtirlgan suiqasdda aybdorni aniqlashga xalqaro qidiruv tashkilotlari ham jalb qilingan. Senator qotillikni tergov qilayotgan AQSH Federal qidiruv byurosi (FBI) talabiga binoan qo‘lga olingan bo‘lishi mumkin.
Yamayka politsiyasi boshlig‘i Stefani Lindsi “Associated Press” axborot agentligiga Jozef bilan birga yana bir qancha odamlar ham hibsga olingani va hozirda ularning gumondorga qanday aloqasi bor ekanligini aniqlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Yamayka politsiyasi hozircha gumondorlarning hibsga olinganidan boshqa dalillarni ma’lum qilmayapti.
“Bazi sabablarga ko‘ra, biz ortiqcha ma’lumotlarni oshkor qila olmaymiz”, degan politsiya boshlig‘i Lindsi jurnalistlarga.
Sobiq senatorning hibsga olinishini Gaiti rasmiylari to‘g‘ri qaror, deya baholashmoqda.
Prezident o‘limidan so‘ng qisqa muddatga Bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan Gaiti sobiq Tashqi ishlar vaziri Klod Joze senator qamoqqa olinganidan so‘ng Twitter’da quyidagicha post qoldirgan:
“Jon Joyel Jozefning hibsga olinishi suiqasdga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lganlar hech qayerga yashirina olmasligini isbotlaydi”.
Jozef Prezident qotilligida gumonlanib, hibsga olingan ikkinchi “nishon” hisoblanadi. Undan oldin Yamayka politsiyasi sobiq kolumbiyalik harbiy Mario Antonio Palasiosni ham qamoqqa olgan edi.
U yaqinda AQSHga ekstraditsiya qilingan. Hozirda u AQSHdan tashqarida qotillik yoki odam o‘g‘irlash uchun til biriktirish va qotillik uchun moddiy yordam ko‘rsatish kabi ayblovlar bilan navbatdagi sud muhokamasini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 7 iyul kuni avtomatlar bilan qurollangan qotillar Gaiti Prezidenti Moisening Port-o-Prens tepaligidagi shaxsiy qarorgohiga bostirib kirib, uni otib o‘ldirishgan edi.
Bu esa o‘z navbatida Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi bir qancha mamlakat rasmiylarini xavotirga solib, qotillik yuzasidan katta qidiruv va tergov ishlari boshlanib ketishiga sabab bo‘lgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi