Sobiq Prezidentning qizi, dunyoning eng boy ayoli sanksiyalar girdobida
Olam
−
11 dekabr 2021
11086Amerika Qo‘shma Shtatlari Afrikaning eng boy ayoli, 2021 yilning yanvarigacha “Forbes”ning milliarderlari ro‘yxatida bo‘lgan Izabel dos Santosga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda “Forbes ” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Angolaning sobiq Prezidenti Xose Eduardo dos Santosning qizi, Angola davlat korxonasining sobiq raisi Izabel dos Santos davlat pullarini talon-taroj qilish orqali boyigan, ammo otasi iste’foga chiqqandan so‘ng, unga qarshi mamlakatda tergov boshlangan.
Mamlakat tepasiga kelgan yangi Prezident Juan Lorensu oradan ikki oy o‘tib, Izabelni davlatga qarashli “Sonangol” neft kompaniyasi rahbari lavozimidan ozod etgan. Ikki yildan so‘ng, ya’ni 2019 yilda esa Angola sudi dos Santos va uning turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan mamlakatdagi aktivlarini, jumladan, “Unitel” mobil aloqa firmasi va bir qancha banklardagi ulushlarini muzlatib qo‘ygan.
Sud qarorida aytilishicha, dos Santos va Dokologa tegishli bo‘lgan Exem Energy BV kompaniyasi “Sonangol” neft kompaniyasidan kamida 75 million dollar qarz bo‘lgan. Ammo bu qarzlarni qaytarmagan. Shuningdek, sud er-xotin va ularning biznes hamkorlaridan biri Angola hukumatining 1,1 milliard dollar mablag‘ yo‘qotishiga sabab bo‘lganini da’vo qilgan.
2020 yil yanvar oyida esa Angola Bosh prokurori dos Santos va Dokoloni davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblagan. O‘shanda Dos Santos o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar o‘ta noto‘g‘ri va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, u har doim qonun doirasida ish olib brogan xususiy tadbirkor ayol bo‘lgani haqida bayonot bergan.
Ammo Xalqaro tadqiqotchi jurnalistlar konsorsiumi (ICIJ) hamda 36 ommaviy axborot vositalari hamkorlikda 715 000 dan ortiq maxfiy moliyaviy hujjatlarni to‘plagan va ularni “Luanda Leaks” deb nomlagan. “Forbes” nashri “Luanda Leaks”ni o‘rganib chiqib, “dos Santos Angola kompaniyalaridagi ulushlarini korrupsiya bilan qo‘lga kiritgan” degan xulosaga kelgan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning bayonotida aytilishicha, Angola davlat korxonasining sobiq raisiga qarshi sanksiyalar uning shaxsiy maqsadlarda davlat mablag‘larini o‘g‘irlash yo‘li bilan yirik korrupsiyaga aloqadorligi uchun joriy etilgan.
Shuningdek, Blinken sanksiyalar “Magnitskiy qonuni” doirasida kiritilayotganini ta’kidlagan. Sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarining AQSHga kirishi taqiqlangan.
Blinken bir vaqtning o‘zida Kolumbiya, Gvatemala, Nikaragua, Salvador, Liberiya, Angola va Ukrainaning ham bir necha fuqarosiga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishini e’lon qildi. Ukrainalik Aleksandr Tupitskiy jiddiy korrupsiya harakatlari, jumladan Ukraina sud tizimida xizmat qilayotgan vaqtida pora olgani uchun ro‘yxatga kiritilgan. Biroq Tupitskiy Ukrainaning Konstitutsiyaviy sudi saytida hali ham rais sifatida ro‘yxatda turibdi.
Ma’lumot uchun, Izabel dos Santos 1973 yilda Bakuda Joze Eduardu dos Santos oilasida tug‘ilgan. 2013 yilda “Forbes” Izabel dos Santosni Afrikaning eng boy ayoli deb topgan, o‘shanda uning boyligi 3,5 milliard dollarni tashkil qilgan. ICIJ ma’lumotlariga ko‘ra, dos Santos va uning turmush o‘rtog‘ining biznes imperiyasi 400 dan ortiq kompaniyalarni o‘z ichiga olgan. O‘sha kompaniyalar Angola hukumati orqali milliardlab dollar shartnomalarni qo‘lga kiritgan.
LiveBarchasi