Soatiga 60 km cheklovi qachondan, qayerda amal qilishi aytildi
Jamiyat
−
01 mart 2023
162392023 yil 1 apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan kecha, 28 fevral kuni imzolangan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida aytilgan.
Avvalroq, joriy yilning 1 iyunidan boshlab O‘zbekistonning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilishi aytilgan edi. Biroq kelib tushgan takliflar inobatga olinib, ushbu cheklov faqat shahar va viloyatlar markazlarida amal qilishi belgilandi.
Qayd etilishicha, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasi “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” g‘oyasi asosida isloh qilinadi.
2023 yil 1 dekabrdan boshlab transport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini o‘tkazganligi haqida xabardor qilish huquqi beriladi.
Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi belgilanadi.
LiveBarchasi