Siyosiy shou: Xavotirga tushgan Zelenskiy, Lukashenkoni ko‘ndirolmagan Putin, parlamentga qo‘l siltagan Kusherboyev, dunyoga “tupurgan” “Tolibon”
Tahlil
−
24 dekabr 2022
17698Xalqda “Onangni qozi so‘ksa, dodingni kimga aytasan?” degan juda purma’no naql bor. Bugun bu naqlning mag‘zini yanada qattiqroq, kuchliroq chaqayotgandekmiz. Ayniqsa, mamlakatning Toshkent viloyati 95-Chinoz saylov okrugidagilar aynan shu hafta o‘zlari saylagan deputat Rasul Kusherboyev birdan Qonunchilik palatasidagi faoliyatini tugatish qarorini e’lon qilganda, men yuqorida aytgan naqlni bir xayoldan o‘tkazib qo‘ygan bo‘lsa, ajabmas.
Mirziyoyevning beshinchi Murojaatnomasi
Joriy hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma yo‘lladi. Bu Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kelgandan keyin yo‘llangan beshinchi murojaat bo‘ldi. Ko‘pchiligingiz ommaviy axborot vositalari, xususan televideniye orqali Murojaatnomani ko‘rgan bo‘lishingiz aniq. Unda davlat rahbari ta’limdan tortib sog‘liqni saqlashgacha, tadbirkorlikdan tortib soliq siyosatigacha, qo‘yingki, barcha sohalar bo‘yicha kelgusi yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, davlat rahbari kirib kelayotgan 2023 yil nomini ham e’lon qilib, yangi yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb nom berdi.
Murojaatnomada berilgan ko‘plab mesejlar orasida ko‘pchilikning e’tiborini tortgani aynan vazirlik va idoralarning hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytirilishi bo‘ldi va odamlar orasida “Qaysi vazirlik yopilarkin?” degan shivir-shivirlar ham boshlandi. Ayrimlar esa o‘tgan olti yil davomida vazirlik va idoralar soni obdon oshirilib, endi yoppasiga qisqartilishiga hayrat bildirdi. Prezident buning sababini shunday izohladi.
Prezident vazirliklar soni bilan bog‘liq yangilikni uzoq kuttirgani yo‘q. 23 dekabr kuni imzolagan “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqardi. Bosh vazirning o‘rinbosarlari 8 tadan 4 taga kamaydi.
Shuningdek, Prezident bundan buyon xalqni rozi qilolgan vazirlargina ishida qolishini aytdi. Qiziq, bizda bunday vazirlar nechta chiqarkin? Uni qo‘ya turinga, odamlar ularni taniydimi?
Parlamentga qo‘l siltagan Kusherboyev
O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bu hafta diqqat markazida turdi. Faqat “skandal”lar sabab. Qonunchilik palatasining eng ko‘zga ko‘ringan deputati O‘zLiDeP fraksiyasidan Rasul Kusherboyev Prezident Murojaatnoma yo‘llaganidan uch kun o‘tar-o‘tmas deputatlikdan ketayotganini e’lon qildi. U ko‘pchilikni shokka tushirgan ushbu qarorni qabul qilayotganida QALAMPIR.UZ muxbiri Hulkar Murtazoyeva undan 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament majlisi haqida intervyu olish uchun Oliy Majlisga borgan edi. Jurnalistga avvalgidek ko‘zlaridan o‘t chaqnab turgan emas, tushkun va toliqqan, kayfiyatsiz Kusherboyev qarshi chiqqan. Deputat intervyu berayotganida unga qo‘ng‘iroq bo‘lgan va nega intervyu berayotgani so‘ralgan. So‘roq-savollardan qizishgan Kusherboyev asli ko‘tarilgan mavzu qolib, QALAMPIR.UZ jurnalistiga deputatlikdan ketmoqchi ekanini aytgan.
Masalaga boshqa tarafdan qarasak, aynan davlat rahbari o‘z murojaatida deputatlarga yuzlanib, mamlakatda qonunlarning ijrosini nazorat qilish, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’uliyatni oshirish, vazirlik va idoralar, mahalliy boshqaruv organlarini savolga tutish, har bir deputat o‘ziga biriktirilgan hududlarga borib, sohalardagi vaziyatni tekshirishi kerakligini aytgandi.
Kusherboyevning deputatlik mandatini tashlash qarori esa ko‘p jihatdan joriy yilning 19 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni muhokamasi bilan bog‘liq. Qonun loyihasi deputatlarda ko‘plab savollarni uyg‘otdi. Xususan, deputat Doniyor G‘aniyev va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov o‘rtasida janjal chiqdi. G‘aniyev UzAutoMotors'ga avtomobil eksport qilingan mamlakatlardagi tariflar bo‘yicha hisoblangan utilizatsiya yig‘imlarini qoplab berish uchun qo‘shimcha 225 mlrd so‘m ajratilayotganiga e’tiroz bildirgandi.
Aynan ushbu majlisda Rasul Kusherboyev ham 2023 yilga mo‘ljallangan byudjet bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirmoqchi bo‘lib, majlisga raislik qilayotgan spiker o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatovdan so‘z so‘ragan. Hatto, baland ovozda ham gapirishga majbur bo‘lgan. Ammo janob Inoyatov Kusherboyevga so‘z berishni lozim deb topmagan. Qonun loyihasi o‘sha kuni qabul qilinmagan.
22 dekabr kuni “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni muhokamasi davom etdi. Unda deputatlar Doniyor G‘aniyev va Rasul Kusherboyev ishtirok etmadi.
Rasul Kusherboyev o‘zining deputatlikdan voz kechayotganini parlamentga bo‘layotgan munosabatlar bilan izohlashga uringanu lekin gap aynan qaysi munosabat, kimning munosabati haqida ketayotganini ochiq aytmagan.
Kusherboyev ortidan Toshkent shahar xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining O‘zLiDeP partiyasidan deputati Nuriddin Zaynitdinov ham deputatlikdan ketayotganini e’lon qildi.
“Gapirma! Indama! Aralashma! Qachongacha bundan gaplarni eshitamiz?! Deputatning gapirishdan boshqa nimasi qolmoqda? Endi shungayam yo‘l berilmasa...”, degan u o‘zining ketishini izohlarkan.
U deputat Rasul Kusherboyev bilan bo‘lgan holatni qoralashini aytgan-u lekin gap qaysi holat haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. Xo‘sh, ikki deputatni qiynayotgan, tilga olinmayotgan holat nima o‘zi?
Ochig‘i, deputat Doniyor G‘aniyev 19 dekabr kuni Oliy Majlisda o‘tgan shuncha tortishuvlardan keyin 21 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etmagani bizda ko‘plab savollarni uyg‘otdi. Qani G‘aniyev? U nega yo‘q? To‘g‘risi bu savollar demak G‘aniyev ham deputatlikdan ketarkan, degan shubhalarni paydo qildi. Yo‘q, G‘aniyev ketmadi, aksincha, Kusherboyev tutgan yo‘lda uni qo‘llab-quvvatlamasligini aytib chiqdi.
Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boshqa a’zolari, spiker Nurdinjon Ismoilov, Qo‘mita raislari, spiker o‘rinbosarlari, Kusherboyevga so‘z bermagan Inoyatov va O‘zLiDeP raisi Aktam Xaitov ham chuqur sukutda. Parlamentdan Kusherboyevning ketishiga va u qo‘ygan masalalarga nisbatan munosabat bo‘layotgani yo‘q.
Bizga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Kusherboyev deputatlikdan ketish bo‘yicha hali Oliy Majlisga ariza bilan murojaat qilmagan. Doniyor G‘aniyev esa ko‘plar qatori uning saylovchilari fikriga quloq solib, yana o‘ylab ko‘rish va qarorini o‘zgartishi tarafdori.
Putin va Lukashenko ishtirokidagi shou
19 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 2019 yildan beri ilk bor Belarusga bordi. Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenko Putinning tashrifini ikki davlat hukumatlari tomonidan bir qator masalalarni davlat rahbarlari ishtirokisiz hal qilishning imkoni yo‘qligi bilan izohladi.
Lukashenkoning fikricha, Belarus o‘z suverenitetini faqat Rossiya yordamida himoya qila oladi.
“To‘g‘risini aytaylik, mustaqilligimiz va suverenitetimizni Rossiyasiz bir o‘zimiz himoya qila olamizmi? Mumkin emas. Va qiyin paytlarda u rad etmadi. Bugun ular: “Putin keldi, bu yerda kimnidir qo‘rqityapti”, deb baqiradi. Ammo uchrashish uchun mahalliy fuqarodek, Belarusga yaqin odam sifatida keldi”, deydi Lukashenko.
Uning aytishicha, G‘arb Belarusni mustaqillik va suverenitetdan mahrum qilishga urindi va shunday vaziyatda Moskva Minskka yordam qo‘lini cho‘zdi. G‘arb Belarus-Rossiya munosabatlarini buzolmaydi, u faqat mustahkamlanadi. Ular orasida bugungi kunda hal qilib bo‘lmaydigan birorta ham muammo yo‘q.
Shuningdek, Vladimir Putin ham Rossiya Belarusni tashqaridan turib boshqarmoqchiligi, o‘ziniki qilib olmoqchiligi haqidagi gaplarni rad etdi.
Muzokaralar yakunlarida Moskva va Minsk qo‘shma mashg‘ulotlar va boshqa tezkor-jangovar tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirishi ma’lum qilindi.
Amerika urushni o‘rganish instituti esa Putin Lukashenkoni Ukraina bilan urush boshlashga ishontira olmagani sezilganini yozdi. Ammo institut ekspertlari hali ham Belarus Ukrainaga qarshi Rossiya urushida ishtirok etishi ehtimoldan yiroq emas, deb hisoblamoqda.
Putin ketganidan uch kun o‘tar-o‘tmas Aleksandr Lukashenko mamlakat ichki masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishda qo‘shni davlatlardan Belarusga qarshi tajovuz uyushtirilishi mumkinligi haqida gap ochdi.
Kiyev esa Putin va Lukashenko uchrashuvini Moskva va Minsk ishtirokidagi navbatdagi shou deb baholadi.
Zelenskiyning AQSHga tashrifi xavotir ifodasimi?
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga nisbatan Qurolli hujumi boshlanganining 300-kunida, urush boshlangandan buyon ilk xorijiy safarga chiqdi va AQSHga bordi. Keyjl uslubida, protokolga hos bo‘lmagan tarzda kiyingan Zelenskiyni Oq uy ostonasida Prezident Jo Bayden doimgidek kastyum-shim va bo‘yinbog‘da rafiqasi Jill Bayden hamrohligida kutib oldi.
Ikki davlat rahbarlari tor va kengaytirilgan doiralarda uchrashuvlar o‘tkazgan.
AQSH rahbari Ukraina xalqining o‘z kelajagini himoya qilishda ko‘rsatgan jasorati va qat’iyatini e’tirof etgan. Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning o‘zini himoya qilish qobiliyatini, shu jumladan havo hujumidan mudofaa bilan ta’minlashda davom etishini bildirgan.
Vladimir Zelenskiy uchrashuvda Ukraina tinchlik formulasini amalga oshirish, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirish, shuningdek, kompensatsiya mexanizmi va maxsus tribunal yaratish mavzularini ko‘targan.
Zelenskiy muzokaralar bilan cheklangani yo‘q. Shu kunning o‘zida u Kongressga borib, Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi bilan uchrashdi va Kongressda nutq so‘zladi. Uning qayd etishicha, Ukraina jang maydonida allaqachon Rossiya ustidan g‘alaba qozongan va ukrainalik do‘stlari, hamkorlari, birinchi navbatda, AQSHning katta qo‘llab-quvvatlashini inobatga olgan holda, buni davom ettiradi.
Yakunda Prezident Ukraina milliy bayrog‘ini – Baxmutni himoya qilgan ukrainalik jangchilar sovg‘asini topshirdi.
Zelenskiyning AQSHga tashrifi allaqachon aks-sado berishni boshladi. “Blomberg”ga ko‘ra, uning Qo‘shma Shtatlarga safari Kiyevning kelajakda AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishidan xavotirga tushganidan dalolat beradi.
Maqolada yozilishicha, AQSHning Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini ajratishi, qo‘llab-quvvatlash abadiy davom etadi, degani emas.
Qozog‘iston Rosciyaning Ukrainaga bosqinini qo‘lladi
Qozog‘iston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rossiyadan Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini to‘xtatish va o‘z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishni talab qiluvchi rezolyutsiyasiga qarshi ovoz berdi.
Qayd etilishicha, anneksiya qilingan Qrimda inson huquqlarining buzilishi bo‘yicha yangilangan rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 15 dekabr kuni ko‘rib chiqilgan. Hujjatning qabul qilinishini 82 davlat yoqlagan, 80 davlat betaraf qolgan va 14 davlat qarshi ovoz bergan.
Qarshilar orasida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya, Suriya va boshqalar bor. Ostona buni "maxsus harbiy operatsiya" niqobi ostida Ukrainaga nisbatan bosqin boshlanganidan beri birinchi marta amalga oshirgan.
Bosh Assambleya Rossiyaning Qrimdan Ukrainaga qarshi agressiya maqsadida foydalanish harakatlarini hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini noqonuniy egallab olishga urinishlarini qoraladi. Hujjatda, shuningdek, Ukrainaga harbiy bosqinni zudlik bilan to‘xtatish va Rossiyaning barcha qurolli kuchlarini mamlakat hududidan “so‘zsiz” olib chiqib ketish talabi ham qayd etilgan.
Qozog‘iston Rossiyaning Ukraina hududiga harbiy bostirib kirishini rasman qoralamadi. Shu bilan birga, avvalroq mamlakat BMTda Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha ovoz berishda asosan betaraf qolgan edi.
Va’dalariga tupurgan “Tolibon”
Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan keyingi qarorga qadar talaba qizlar uchun darslarni to‘xtatishni talab qildi. Bu qaror qabul qilinganidan ko‘p o‘tmay, mamlakatda 30 kishi, jumladan, ayollar qamchilandi. Jauzjon viloyati bosh sudyasi Abdul Vahob Zohidning aytishicha, mahkum etilgan 22 mahalliy aholi o‘g‘rilik, zino va giyohvand moddalar savdosida ayblanib, 25 dan 39 darragacha urilgan.
“Tolibon”ning bu qarori uning inson, jumladan ayollar huquqlari borasidagi va’dalariga ishongan xalqaro hamjamiyatning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Xususan, agar Afg‘onistonda qizlarning ta’lim olishi tiklanmasa, Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘arbdagi ittifoqchilari bilan “Tolibon”ga qarshi chora ko‘rishini bildirdi.
“[“Tolibon” agar bu qarorini bekor qilinmasa buning badali bo‘ladi. Bugun men ular haqida batafsil gapirmayman, lekin biz buni ittifoqchilar va hamkorlar bilan harakatlarni muvofiqlashtirish orqali qilamiz”, deydi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk “Tolibon”ning ayollarni universitetlarda o‘qishini taqiqlash qarorini “Afg‘onistondagi ayollar va qizlar huquqlarining navbatdagi g‘azabnok va shafqatsiz buzilishi” deb atadi.
Bu orada Afg‘onistonda qizlarning oliy ta’limdan yulib olinishiga qarshi namoyishlar boshlandi. “Tolibon” Qobuldagi namoyishlarni yoritgan uch jurnalistni, shuningdek 5 namoyishchini hibsga oldi.
Ushlanganlar norozilikni kuch bilan bostirishga urinayotgan radikallar tomonidan jismoniy zo‘ravonlikka uchragan.
Rossiyaning pinjiga tiqilayotgan Qozog‘iston
Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan gaz ittifoqini tuzish g‘oyasidan voz kechdi, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Ayni vaqtda ushbu masala tegishli vazirliklar tomonidan muhokama qilinmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va aholi farovonligini ta’minlash nuqtai nazaridan ham zarur.
O‘zbekiston tomoni bu borada aniq qaror bergani yo‘q, ammo Qozog‘iston allaqachon o‘zini ushbu ittifoq a’zosidek hisoblashni boshlagan ko‘rinadi. Ostona Rossiyaning taklifida hech qanday yomonlik ko‘rayotgani yo‘q. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almas Aydarovga ko‘ra, Qozog‘iston Putinning tashabbusini tijorat taklifi deb biladi, bundan siyosiy tus izlashning hojati yo‘q.
“Bu Rossiya tomonining og‘zaki taklifi, xolos. Biz uni hali rasmiylashtirilgan shaklda olganimiz yo‘q. Balki "ittifoq" degan so‘z hammani bezovta qilayotgandir. Bunda qandaydir milliy oliy organ yoki integratsiya instituti yaratilganini ko‘rmayapmiz. Biz buni gaz yetkazib berish bo‘yicha gaz bozorlarini integratsiyalashuvi bo‘yicha tijorat taklifi deb bilamiz”, deydi Aydarov.
O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarida yangi sahifa
21-22 dekabr kunlari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Uni aeroportda Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi kutib oldi. Asosiy tadbirlar tashrifning ikkinchi kunida bo‘lib o‘tdi.
Avvaliga davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev va Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qatnashgan. Katta ehtimol bilan Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi energetik masalalarni, jumladan Rossiyaning ittifoqchilik taklifini muhokama qilgan bo‘lishi mumkin.
Ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar yakunida Prezidentlar Mirziyoyev va To‘qayev Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida shartnoma va O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnomani imzoladi. Bular o‘ta muhim va tarixiy hujjat ekani aytilmoqda.
Tashrif doirasida jami 8 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolangan.
Yong‘inda bir oilaning uch farzandi yonib ketdi
Tugayotgan haftada Andijondagi “Dalvarzin” mahallasi, S.Abdulla 5-tor ko‘chasidagi uyda mudhish yong‘in sodir bo‘ldi. Unda uy egasining uch nafar farzandi yonib ketdi.
Yong‘in joyiga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan va 13 daqiqa o‘tar-o‘tmas yong‘in o‘chirilgan.
Yong‘in o‘chirish vaqtida 1982 yilda tug‘ilgan uy egasining uch nafar, biri 15, ikkinchisi 13, uchinchisi 5 yoshdagi farzandlari 100 foiz kuygan holda jasadi topilgan. Hodisa oqibatida uyning 70 kvadrat metr maydonda shift, tom qismi va uy jihozlari yongan.
Kelinni kim o‘ldirdi?
Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida 28 yashar ayol jinoyat izlari bilan o‘zi yashayotgan xonadonning hammomidan o‘lik holda topildi. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Tekshirish davomida ayolni sobiq turmush o‘rtog‘i qasddan o‘ldirgani aniqlangan.
Ushbu holat bo‘yicha 17 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
LiveBarchasi