Sirdaryoda harbiylar madhiya payti ikkilanib qoldi. Aslida ular qanday jest ko‘rsatishi kerak edi?

Jamiyat

image

Kecha, O‘zbekistonda 9 may – “Xotira va qadrlash” kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Ulardan biri Sirdaryo viloyatida ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston madhiyasi yangragan payt harbiylar bilan bog‘liq qiziqarli voqea ro‘y berdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, Qurolli kuchlar harbiy orkestri tomonidan O‘zbekiston madhiyasi ijro etilgan. Madhiya boshlanganida minbarda Sirdaryo viloyati hokimi ortida turgan harbiy va davlatning boshqa xizmatlarining maxsus kiyimida bo‘lgan mansabdorlar madhiya tinglash vaqtida qo‘lini qayerga qo‘yish kerakligini bilmay, bir necha bor adashib ketgan.

Shuningdek, videoda ular madhiya payti qo‘lini goh bosh kiyimiga, goh ko‘ksiga qo‘yib, bir-birlariga qarab, ikkilanib qolganini ko‘rish mumkin. Xo‘sh, ular aslida qanday yo‘l tutishi kerak edi?

“O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunining 7- moddasi bunga javob beradi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi.

Agar O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir bo‘lgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.

Eslatib o‘tamiz, mansabdor shaxslarning har qanday xatti-harakatlari o‘zidan yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga qarab emas, qonun talabiga rioya qilgan holda bajarilishi lozim.

 

Shohruh Olimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

349

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing