Sirdaryo va Surxondaryoda milliardlab pulni talon-toroj qilgan rahbarlar ushlandi
3-sahifa
−
06 mart 2022
25129Sirdaryo va Surxondaryoda jami 4 mlrd so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan rahbarlar ushlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Departamentning Guliston shahar bo‘limi tomonidan bank muassasasining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “M.K.” MCHJ rahbari T.H. va boshqalar oldindan til biriktirib, tadbirkorlik sub’ekti mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlangan. Ular tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida ajratilgan 7 milliard so‘m kredit mablag‘ining 3,5 milliard so‘mini maqsadsiz sarflab, talon-toroj qilgan.
Shuningdek, Termiz shahar bo‘limi tomonidan bank muassasasining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda U.S. ismli fuqaro “T.Q.” MCHJga norasmiy rahbarlik qilib, korxonaga tegishli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlangan. U non mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun asosiy vositalar sotib olish maqsadida ajratilgan 500 million so‘m kredit mablag‘ini maqsadsiz sarflab, talon-toroj qilgan. Bundan tashqari, kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan binoni qonunga xilof ravishda tasarruf etgan.
Xabarga ko‘ra, har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 233-moddasi (band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi