Sirdaryo IIBga yangi boshliq tayinlandi
Jamiyat
−
13:17 2837 2 daqiqa
Bugun, 21 avgust kuni Sardor Tohirovich Mirzaraimov Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyatida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hududda jinoyatchilikni jilovlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqilgan.
Tadbirda viloyat hokimi, Prezident Administratsiyasining mas’ul xodimlari, xalq deputatlari Kengashi a’zolari, shahar-tuman jamoatchilik faollari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari qatnashgan. Sessiya kun tartibiga muvofiq tashkiliy masala ko‘rilgan.
Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan ilgari Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan polkovnik Mirzaraimov Sardor Tohirovich Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qarori ijrosi hamda sohaga oid topshiriqlar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqilgan.
Viloyat hududida sodir etilayotgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida yangi tayinlangan rahbarga hududda jinoyatchilikni jilovlash, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash, fuqarolar roziligini ta’minlash hamda mavjud muammolarni aniqlab, ularni tizimli bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Shuningdek, tuman-shahar IIB rahbarlariga mazkur yo‘nalishlardagi ishlarni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berilgan.
Sessiyada ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha soha mutaxassislari tomonidan taklif va mulohazalar bildirilib, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan istiqbolli vazifalar belgilab olingan.
Bungacha Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan polkovnik Farrux Haydarov nega lavozimidan olingani ma’lum qilinmagan.
Live
Barchasi