Sidney va Rio Olimpiadalarida shuhrat qozongan boks maktablari natija ko‘rsatmay qo‘ydi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Sidney va Rio Olimpiadalarida shuhrat qozongan Andijon, Buxoro va Farg‘ona boks maktablari bugungi kunga kelib natija ko‘rsatmay qo‘ydi. Bu holatni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi videoselektr yig‘ilishida qattiq tanqid qildi.

Mirziyoyevga ko‘ra, o‘tgan yili 352 ta respublika musobaqasi o‘tkazilgan bo‘lsa-da, birorta hududda tuman bosqichi, 158 tasida esa viloyat bosqichi tashkil etilmagan.

“Sport vazirligini yangidan tashkil etib, vazir va o‘rinbosarlariga aniq vazifalarni qo‘yganman. Endi sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi”, deydi Prezident.

Ta’kidlanishicha, eng avvalo, yoshlarni bolalikdanoq sportga jalb qilish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash borasidagi yondashuvlar o‘zgartiriladi.

Yangi tizim Buxoro viloyati misolida tushuntirildi. Jumladan:

•  har bir mahallada ikkita mavsumda (aprel-iyun, sentyabr-dekabr) musobaqalar tashkil etilib, yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar sport bo‘limi va yoshlar yetakchisi tomonidan elektron ro‘yxatga kiritiladi; 

•  bu yoshlar viloyatdagi 19 ta sport maktabining maxsus guruhlarida (8 oygacha) murabbiylar bilan bepul shug‘ullanadi;

•  maxsus guruhlardagi professional sportga salohiyati bor yoshlar yo‘nalishiga ko‘ra viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabga qabul qilinadi (suzish, yakkakurash, o‘yin turlari va yengil atletika, badiiy gimnastika);

•  sport maktabi trenerlarining ish haqi 35 foizga oshiriladi. Bundan tashqari, yaxshi natija ko‘rsatgan maktab direktorlari, trenerlar va boshqa mutaxassislarga qo‘shimcha 50 foizgacha ustama to‘lanadi;

•  jamoaviy sport turlari bo‘yicha hududiy chempionatlarda sportchilari g‘olib bo‘lgan trenerlarga 5 foiz, respublika chempionatida – 20 foiz ustama beriladi;

•  viloyatdagi sport maktablari ixtisosligiga qarab olimpiya sport turlari bo‘yicha bazaga aylantiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

164

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing