Credit Suisse shveysar bankining “yirik” mijozlari ma’lumotlari tarqaldi: ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor
Olam
−
21 fevral 2022
26319Shveysariyaning eng yirik Credit Suisse bankining mijozi bo‘lgan o‘nlab tadbirkorlar va amaldorlarning ma’lumotlari oshkor qilindi. Ular orasida o‘zbekistonlik mijozlar ham bor. Bu Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) tomonidan taqdim etilgan Suisse Secrets tadqiqoti ma’lumotlarida ko‘rsatib o‘tilgan.
“Credit Suisse sirlari” – dunyodagi eng yirik va eng boy banklardan biri haqida xalqaro tekshiruv.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 39 mamlakatdagi 48 nashrning 163 nafar jurnalisti bir necha oy davomida Shveysariyaning kreditlar bo‘yicha ikkinchi yirik banki Credit Suisse’dan hisob ma’lumotlari sizib chiqishini o‘rganishgan. Sizdirilgan ma’lumotlarda 18 mingdan ortiq hisob qaydnomalari mavjud bo‘lib, ularning umumiy miqdori 100 milliard dollardan oshgan. Bu yirik Shveysariya bankidan mijozlar ma’lumotlarining sizishi bilan bog‘liq yagona holat.
Bankning o‘zbekistonlik mijozlari orasida Gulruh Tillayeva ham bor. U O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimovaning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayevning ammasi. Tillayeva Credit Suisse hisobini turmush o‘rtog‘i va Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan Abu Saxiyni boshqargan Nikita Kalinichenko bilan baham ko‘radi. Uning shaxsiy hisobidagi qoldiq 2,2 million Shveysariya frankidan (taxminan 2 million 415 ming AQSH dollari) oshiq.
Credit Suisse mijozlari orasida milliarder Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyeva ham bor. Ko‘p yillik akusher-ginekolog bo‘lgan Narziyeva telekommunikatsiya, tog‘-kon sanoati va media yo‘nalishidagi kompaniyalarga egalik qiladi. Uning bankidagi hisob raqamida 2 milliard 16 million dollardan ko‘proq puli bor.
Shveysar banki mijozlari orasida O‘zbekiston tennis federatsiyasining ko‘p yillik bosh kotibi Igor Shepelev ham bor. Shepelevning 2014 yilda yopilgan hisob raqamida 2 million 817 ming shveysariya franki (3,057,375 AQSH dollari) bo‘lgan.
Qayd etilishicha, u 2005 yilda Shepelev “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Mukofotda u Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi DXX) xodimi sifatida qayd etilgan.
Credit Suisse mijozlari orasidan O‘zbekistonning amaldagi Hukumatida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari vazifasini bajarib kelayotgan Ochilboy Ramatovning turmush o‘rtog‘i Ra’no Ramatova ham bor. U bankdagi hisobida maksimal 954 009 shveysar franki bo‘lgan. Bu 1 039 869 dollarga teng.
Hisobdan foydalanish va uni idora qilish huquqi Ra’no Ramatovaning qizi va Ochilboy Ramatov rahbarligida O‘zbekiston Temir Yo‘llari bilan hamkorlik qilgan Orient Group konglomeratining asoschilaridan birida bo‘lgan. Ra’no Ramatova, ofshor shirkati pul yuvishda gumon qilinib tekshirila boshlangach, Credit Suisse bankidagi hisob raqamini yopib tashlagan.
Tadqiqotda qayd etilishicha, tadbirkorlar va mansabdor shaxslar bankdan pul yuvish sifatida foydalangan. Biroq, bankning o‘zi buni rad etgan.
Credit Suisse bankning biznes amaliyotlari haqidagi shubha va xulosalarni qat’iyan rad etgan. Qayd etilgan holatlar asosan uzoq o‘tmishga oid bo‘lib, ularning ba’zilari 1970-yillarga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash haqida gap ketganda, Credit Suisse qat’iy nazoratga ega va bank yangi hisobvaraqlarni ochishda ham, mavjud bo‘lganlar uchun ham bank standartlariga muvofiq nom tekshiruvini o‘tkazadi.
Inforeactor ma’lumotlariga ko‘ra, OCCRP YeOII bilan integratsiyalashuv da’volari fonida O‘zbekistonga qarshi tergov tayyorlamoqda.
LiveBarchasi