Shvetsiya o‘zbekistonlik migrantlarni qabul qilmoqchi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik haqida qo‘shma deklaratsiya imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va Shvetsiya Migratsiya vaziri Yoxan Forssell o‘rtasida O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. 

Konstruktiv muloqotda noqonuniy migratsiyaning oldini olish, inson huquqlarini himoyalovchi, qulay, shaffof tashkillashtirilgan migratsiya mexanizmlarini yaratish masalasi muhokama qilingan. 

“Bugungi kunda Shvetsiyadagi demografik jarayonlar tufayli transport, qurilish, sanoat, tibbiyot, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilyapti. O‘zbekiston ushbu mamlakat mehnat bozoriga malakali mutaxassislarni tayyorlash va olib kirish uchun yetarli salohiyatga ega”, deyiladi xabarda. 

Tomonlar quyidagi asosiy tashabbuslarni ilgari surgan:

  • ikki mamlakat o‘rtasida markazlashtirilgan raqamli platforma yaratish;

  • qurilish, logistika va tibbiy xizmatlar yo‘nalishlariga ish beruvchilar talabi asosida o‘zbekistonlik yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va Shvetsiyada bandligini ta’minlashga qaratilgan pilot loyihalarini boshlash. 

Shuningdek, uchrashuv doirasida migratsiya va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik haqida qo‘shma deklaratsiya imzolangan, bu hamkorlik nolegal migratsiyaga chek qo‘yish, axborot almashish va konsullik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Ishonchim komilki, bugun imzolangan tarixiy hujjat O‘zbekiston – Shvetsiya munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish va kelajakdagi faol hamkorligimiz uchun muhim qadam bo‘ldi. Mamlakatingizga ilk bor kelgan bo‘lsam-da, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot, qolaversa barcha sohalardagi ijobiy imkoniyatlar menda juda ijobiy hissiyotlar qoldirdi”, degan Shvetsiya Migratsiya vaziri.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Shvetsiya Behzod Musaev migratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing