Shvetsiya Turkiyaning talabini birinchi marta bajo keltirdi. Erdo‘g‘an so‘zida turadimi?

Olam

image

Shvetsiya Turkiyaga Anqara terrorchi tashkilot deb hisoblagan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP)ga a’zolikda ayblangan birinchi shaxsni ekstraditsiya qildi. Shunday qilib, u Turkiya bilan imzolangan, terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan shaxslarni ekstraditsiya qilishni nazarda tutuvchi NATOga a’zolik memorandumini amalga oshirish yo‘lida aniq qadam tashladi. Bu haqda Turkiyaning NTV telekanali xabar berdi. 

Turkiyada 6 yilu 10 oyga qamalgan Mahmut Tat 2015 yilda Shvetsiyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan, biroq rad javobi berilgan edi. Bir muddat oldin u Shvetsiya politsiyasi tomonidan hibsga olingan. Kecha, 2 dekabr kuni kechqurun Tat Istanbulga olib ketilgan va u yerdan hukm ijrosi bilan bog‘liq tartib-qoidalar uchun tergov izolyatoriga yuborilgan. 

Shvetsiya tomonidan terrorchilik faoliyatida aybdor deb topilgan shaxsning Turkiyaga ekstraditsiya qilinishi Buxarestdagi NATO mamlakatlari Tashqi ishlar idoralari rahbarlari va ikki davlat Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi doirasidagi muzokaralardan ikki kun o‘tib bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Anqara Shvetsiyaning alyansga qo‘shilish borasidagi qat’iyroq munosabatini qayd etishini, biroq NATO a’zoligi bo‘yicha memorandumni bajarish bo‘yicha aniq qadamlar kutishini aytdi. 

Shvetsiya va Finlyandiya may oyida Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan, biroq Turkiya kurd tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorchilikda yoki 2016 yilda davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblangan shaxslarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, NATOga a’zo bo‘lish jarayonini to‘sib qo‘ygan. 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo,  o‘sha paytdagi Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. 

Anqara avvalroq Finlyandiya va Shvetsiya bilan imzolangan memorandum yakuniy emasligini, agar ikki davlat terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurashish bo‘yicha unda belgilangan majburiyatlarni bajarmasa, Turkiya parlamenti uni tasdiqlamasligi mumkinligini aytgan edi. Turkiyadagi bular qatoriga, xususan, Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) va FETO tashkiloti kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

194

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing