Shri-Lanka defoltga uchraganini e’lon qildi
Olam
−
12 aprel 2022
16942Shri-Lanka Moliya vazirligi mamlakatning barcha tashqi majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlar to‘xtatilganini e’lon qildi. Bu idora tomonidan bugun, 12 aprel kuni chiqarilgan qarorda aytiladi.
“Vazirlik siyosati barcha [tashqi] qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni XVJ tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan iqtisodiy transformatsiyalar dasturiga muvofiq ushbu majburiyatlarni to‘g‘ri qayta tuzish maqsadida ma’lum muddatga muzlatib qo‘yishdan iborat”, deyiladi hujjatda.
Qayd etilishicha, defolt Shri-Lanka Markaziy banki va boshqa davlatlar o‘rtasidagi “xalqaro bozorlarda chiqarilgan svopdan tashqari barcha obligatsiyalar, barcha ikki tomonlama kredit majburiyatlari”ga taalluqli. Shuningdek, tijorat banklari yoki boshqa kredit tashkilotlari bilan xorijiy valyutada tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha to‘lovlar to‘xtatildi.
Moliya vazirligining ta’kidlashicha, “bu chora-tadbirlar favqulodda va mamlakatdagi moliyaviy vaziyatning yanada yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslikning oxirgi usuli”.
“Qarzni keng qamrovli restrukturizatsiya qilish endi muqarrar deb qaralmoqda. Kelgusida kechikish Shri-Lanka iqtisodiyoti uchun qaytarilmas oqibatlarga olib kelishi va davlatning tashqi qarz qimmatli qog‘ozlari egalariga tuzatib bo‘lmaydigan zarar etkazishi mumkin”, deyiladi hujjatda.
Rasmiylar XVJ bilan yaqin hamkorlikda uni “to‘liq tiklash” uchun iqtisodiyotni qayta qurish dasturini ishlab chiqish va buni “imkon qadar tezroq” amalga oshirish niyatida. Iqtisodiyotdagi salbiy jarayonlar va tashqi qarzga xizmat ko‘rsata olmaslik sabablari sifatida departament pandemiya va Ukrainadagi vaziyatning oqibatlarini ko‘rsatgan.
Shri-Lanka 1948 yilda mustaqillikka erishganidan beri eng yomon iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Bunga pandemiya tufayli xorijiy turizmning qisqarishi sabab bo‘ldi, bu esa mamlakatda valyuta zaxiralarining taqchilligiga olib keldi. Bunday sharoitda Shri-Lanka hukumati importni kamaytirishga va resurslarga tejamkorlikni joriy etishga majbur bo‘ldi. Shri-Lanka sement, avtomobil qismlari, yoqilg‘i, oziq-ovqatga juda muhtoj. Bu holat inflyatsiyaning oshishiga olib keldi va mart oyida 17 foizga yetdi. Tashqi qarz olish va iqtisodiy inqirozga qarshi kurashga Shri-Lankaning 35 milliard dollarlik tashqi qarzi to‘sqinlik qilmoqda.
LiveBarchasi