Shoygu Rossiyaning Markaziy Osiyodagi bazalari qachon harakatga kelishini ma’lum qildi

Olam

image

Rossiya Mudofaa vaziri general Sergey Shoygu Tojikiston va Qirg‘izistondagi Rossiya harbiy bazalari Afg‘oniston bosqini paytida ishlatilishini ta’kidladi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

“Bizning Tojikiston va Qirg‘izistondagi harbiy bazamiz juda kuchli, mabodo Afg‘onistondan tahdidlar bo‘lsa, harbiylar Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) chegaralarini himoya qilishga jalb qilinadi”, deydi Sergey Shoygu bugun, 6 avgust kuni Moskvadagi xalqaro xavfsizlik bo‘yicha IX Moskva konferensiyasida. 

Shu bilan birga Shoygu KXSHTga a’zo davlatlarning Afg‘oniston tomonidan bo‘ladigan hujumlarga qarshi tura olmasligini ta’kidlab, Rossiya ularga harbiy jihatdan yordam berishini bildirdi.

“Umid qilamizki, “Tolibon” bilan tuzilgan kelishuvlar amalga oshadi, garchi bunga ishonish qiyin bo‘lsa ham. Lekin Afg‘oniston tomonidan qandaydir tahdidlar bo‘ladigan bo‘lsa, biz KXSHT a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, ularga yordam beramiz”, dedi Shoygu.

 

Ma’lumot o‘rnida, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)ga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston davlatlari a’zo bo‘lgan.

Afg‘onistondagi keskinlik


Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

222

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing