“SHOVOTLANDIA” ishi: Sudlanuvchilar tergovda qiynoq bo‘lganini aytmoqda. Sudya kim tomonda?

Jamiyat

Toshkentning Chilonzor tumanidagi “SHOVOTLANDIA” kafesini yoqish va 5 kishining o‘limida aybdor deb topilgan R.Abdurahimov va F.Sayfiyev ishi yuzasidan Toshkent shahar sudida apellyatsiya sudi davom etmoqda. QALAMPIR.UZ har bir sud majlisida qatnashib to‘liq videolarni ham taqdim etmoqda.

So‘nggi sud majlisi joriy yilning 30 iyun kuni bo‘lib o‘tdi va keyingi sud majlisi 7 iyulga belgilandi. Biroq, shu kuni sud majlisi o‘tkazilmay, sud noma’lum muddatga qoldirilgani xabar qilindi.

Uch haftalik tanaffusdan so‘ng, joriy yilning 28 iyul kuni sud yana o‘z ishini boshladi. 

O‘tgan galdagi sud majlisida sudlanuvchilar R.Abdurahimov va F.Sayfiyev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida o‘tkazilgan tergov davomida ularga tazyiq o‘tkazilgani, qiynoqqa solinganliklari, boshlariga qop kiydirib, hatto, jinsiy a’zolarigacha jiddiy jarohatlar yetkazilganini aytishdi. O‘zlaridagi tan jarohatlarini esa ular bilan tergov izolyatorida bir kamerada saqlangan S.Shamsuddinov ko‘rganini bildirishdi. 

28 iyuldagi sud majlisi guvoh S.Shamsuddinovni tinglashdan boshlandi. Guvoh advokatlarning R.Abdurahimovga tazyiq qiynoqlar bo‘lganmi, degan savoliga quyidagicha javob berdi:

“Qiynoq bo‘lganini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rolmaymiz. Ertalabdan kechgacha kamerada o‘tiramiz. Ism-familiya aytib chaqirishadi va olib chiqib ketishadi. Rustam akamni olib chiqib ketib, kameraga olib kelishgan vaqtida “chalajon”, xolsiz ahvolda ham bo‘lardi. Lekin men uni urishgani tazyiq qilishganini ko‘zim bilan ko‘rmaganman. Shuning uchun qiynoq yoki boshqa sabab bilan bunday holatga tushganini aytolmayman. Lekin kirib kelganlarida badani og‘rigan, ingragan bo‘lardi. O‘sha vaqtda birinchi tez yordam ko‘rsatardik. Oyoqni boldir qismi ko‘karib ketgan vaqtlarida “baklajka”ga suv to‘ldirib, oyoqlarining ko‘kargan joyiga bosardik”, deydi guvoh.

Advokat Fazliddin Shermatov himoyasi ostidagi Abdurahimov sutkaning aynan qaysi vaqtida olib chiqib ketilishi bilan qiziqdi.

 “Eshikni taqillatib, familiya aytadi va olib chiqib ketadi. Kim olib chiqib ketgani bizga qorong‘i. Tushlik vaqtida ham, kechki payt ham, vaziyatga qarab. Rustam akam bilan 10-11 kun birga bo‘lganimizda, bir necha marta qaytganida badanida og‘riq borligini bilardik. Hatto, jinsiy a’zolarining shishgan joyiga ham “baklajka” qo‘yilgan. Rustam aka biror marta “meni qiynashdi”, deb gapirmasdi”, deydi guvoh Sirojiddin Shamsuddinov.

Sudda jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev O‘zbekiston Qiynoqlarga qarshi xalqaro konvensiyaga qo‘shilgani va amalda qiynoqlarga qarshi kurashishni bo‘yniga olgan davlat hisoblanishi, har qanday qiynoq holatlari mamlakatning xalqaro reytinglariga ta’sir qilishini urg‘uladi.

“Sudlanuvchilar bir necha marta tergov jarayonida qiynoq bo‘lganini aytishdi. Dastlabki tergov vaqtida sudlanuvchilarga nisbatan shafqatsiz qiynoqlar vositasida ayb qo‘yilgani haqida bir necha bor gapirildi. Shuningdek, guvohlar ham o‘z ko‘rsatmalarida haqiqatdan ham 15 sutka davomida Toshkent shahar IIBBning vaqtincha saqlash hibsxonasida qiynoq bo‘lganini bildirishmoqda. Sud bu holatga huquqiy baho berishi shart”, deydi Kusherboyev

Deputat sud ishni bir tomonlama olib bormayotganini ko‘rsatish maqsadida, sudlanuvchilar IIBBda saqlanib qiynoqqa solingani va maxsus saqlash joylariga yuborilmagani bo‘yicha tekshiruv tayinlab, jarayonda ishtirok etgan barcha shaxslar harakatiga adolatli baho berish va tekshiruv tayinlashni so‘radi. Shuningdek, u qo‘shimcha qilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borgan tergovchini sudga chaqirib, so‘roq qilishni so‘radi.

Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi jamoat himoyachisi Rasul Kusherboyevning iltimosnomasini qisman qanoatlantirib, ajrim qildi. Sudlanuvchilarga nisbatan vaqtincha saqlash hibsxonasida jismoniy, ruhiy tazyiqlar bo‘lgani talabi bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinladi. Ammo tergovchini chaqirib, so‘roq qilish masalasi rad etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

115

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing