Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan dabdabali to‘y Shuhrat Abdurahmonovning qizinikimidi? Hokimlik izoh berdi
Jamiyat
−
01 iyul 2021
41556Ijtimoiy tarmoqlarda viloyat hokimlaridan biri qizining to‘yini o‘tkazayotgani haqida xabar hamda kelinga qilingan sarpo suratlari va videolari tarqaldi. Suratlarda sarpo judayam hashamatli ekanini ko‘rish mumkin.
Tarqalgan xabarlarda hashamdor sarpo Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning kenja qizi uchun tayyorlangani ham aytilgandi.
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhaning birinchi qismida Shuhrat Abdurahmonovning qizi va kuyovining unashtiruv marosimidagi voqealar aks etganini tasdiqladi.
“Haqiqatdan ham, videolavhaning birinchi qismida Andijon viloyati hokimining qizi va kuyovining unashtiruv marosimidagi suratlar aks etgan. Andijon viloyati hokimi yaqin kunlarda qizini turmushga uzatganligi ma’lum. Ammo, tarqatilgan videoning ikkinchi qismida turli xil kiyim kechaklar bilan to‘ldirilgan garderoblar, uy-joylar aks ettirilgan suratlar viloyat hokimiga umuman aloqador emas. Ushbu fotosuratlar internet tarmoqlaridan ko‘chirib olingan va ko‘chirilgan suratlar yordamida tayyorlangan”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, to‘y 3 kun davom etgan, asosiy tadbir 26 iyun kuni Andijondagi eng katta to‘yxonada bo‘lib o‘tgan.
Yulduz Abdurashidova
LiveBarchasi