Shols va Erdo‘g‘an Rossiyaning yadro siyosati haqida “dardlashdi”

Olam

image

Kecha, 1 noyabr kuni Germaniya kansleri Olaf Shols va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an telefon orqali suhbatida Rossiyaning yadroviy ritorikasini qoraladi. Bu haqda Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt xabar berdi.

“Germaniya kansleri va Turkiya Prezidenti Rossiyaning yadroviy ritorikasi "mas’uliyatsizlik" degan qarorga kelishdi”, deydi Xebeshtrayt.

Suhbat davomida Shols Rossiyaning Ukraina "iflos bomba" deb ataladigan narsadan foydalanishga tayyorlanayotgani haqidagi da’volarini qat’iyan rad etgan.

Bundan tashqari, tomonlar “don kelishuvi”ga ham to‘xtalib o‘tib, Germaniya kansleri Turkiyaning kelishuv doirasida Ukraina donining kelgusida eksport qilinishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.

Ma’lumot uchun, 23 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Fransiya, Turkiya, Buyuk Britaniya va AQSH Mudofaa vazirlariga qo‘ng‘iroq qilib, Ukraina go‘yoki radioaktiv moddalar yoki chiqindilar bilan to‘ldirilgan “iflos bomba” yordamida provokatsiya tayyorlayotgani haqida ogohlantirdi. Lekin Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z qo‘rquvini o‘sha paytda hech qanday dalil bilan tasdiqlamagan.

Ukraina o‘z o‘rnida ayblovlarni qat’iyan rad etib, ularni “xavfli yolg‘on” deb atagan. Prezident Zelenskiy Yevropada faqatgina bitta sub’ekt yadro bombasidan foydalanishi mumkinligini aytdi. Kiyev Ukrainada “iflos bomba” ishlab chiqarilmaganiga ishonch hosil qilish uchun Xalqaro atom energiyasi agentligi inspektorlarini mamlakatga tashrif buyurishga taklif qildi.

AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari birgalikda Shoygu Kiyevning Moskvani yadroviy bomba bilan obro‘sizlantirish niyati haqidagi so‘zlari “haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini” ta’kidladi. Yens Stoltenberg NATO Bosh kotibi Moskva bu ayblovlarni mojaroni kuchaytirish uchun bahona sifatida ishlatmoqchi, degan fikrni bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

73

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing