Turkiy davlatlar orasiga sovuqchilik tushdimi? Yoxud SHKTR mojarosi – 2
Tahlil
−
24 may 9404 10 daqiqa
20-21 may kunlari Vengriya poytaxti Budapesht Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitiga mezbonlik qildi. Tashkilotning Yevropaning yuragida o‘tkazilgan ilk sammiti joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda o‘tgan va katta shov-shuvlarga, e’tirozlarga sabab bo‘lgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti va unda qabul qilingan qarorlarga, Yevropa Ittifoqining Turkiyadan boshqa davlat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga qarshi tashlagan qadamlariga nisbatan hayqiriq bo‘ldi. Bugun shular haqida gaplashamiz.
Yodingizda bo‘lsa, Samarqandda o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslikka kelishib oldi.
Gap shundaki, sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandida barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.
“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik – bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi”, deyiladi bayonotning aynan 4-bandida.
Ushbu ikki rezolyutsiya Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqilligini tan olmaslik va ushbu hudud bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmaslikni anglatadi. Bugungacha esa faqatgina Turkiya Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olgan yagona davlat sifatida qolmoqda.
Tojikistondan boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar tashkilotida a’zo va kuzatuvchi maqomiga ega mamlakatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston (a’zolar), Vengriya va Turkmaniston (kuzatuvchilar) Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tashkilotda kuzatuvchi sifatida ko‘rib keladi. SHKTR 2022 yilning noyabr oyida Samarqandda o‘tgan sammitda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qistovi bilan tashkilotda kuzatuvchi maqomini olgan.
Shunga qaramay, Markaziy Osiyo mamlakatlari Yevropa Ittifoqi bilan joriy yil aprel oyida qabul qilingan bayonot orqali SHKTRni tan olmaslik va u bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmasligini tasdiqladi. Qolaversa, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston shu yil boshidan buyon Yevropa qo‘llovidagi Kiprga ilk bor elchilarni tayinladi.
Markaziy Osiyo davlatlarining, xususan, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi bo‘lgan 4 davlatning bu xatti-harakati Turkiyada katta shov-shuv va e’tirozlarni keltirib chiqardi. Siyosatchilar buni Turkiyaning yuziga tarsaki, deb qabul qildi, tashkilotni samarasizlikda aybladi. Hatto, gap “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitida qabul qilingan hujjatlar, iqtisodiy kelishuvlar, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga kiritadigan 12 mlrd yevrolik investitsiyasiga borib taqaldi va bu davlatlar Turkiy birlik taqdirini 12 mlrd ga almashganlikda ayblandi. Erdo‘g‘an bu holatlarga umuman izoh bermadi, to‘xtalmadi.
Faqat Turkiyaning sobiq mudofaa vaziri, Buyuk Millat Majlisi (parlament)ning Milliy Mudofaa Komissiyasi raisi Hulusi Akar 15 aprel kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar parlament assambleyasiga (TURKPA) a’zo parlamentlar Milliy mudofaa va xavfsizlik masalalari komissiyasi raislarining “Turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash: parlamentlarning o‘rni” mavzusidagi 2-yig‘ilishida bu masalaga to‘xtalib, shunday dedi:
“...Yevropa Ittifoqining Janubiy Kipr rumlarining voizi sifatida harakat qilishini va Shimoliy Kipr Turk Respublikasini o‘z tadbirlariga taklif qilmasligi uchun turkiy dunyo davlatlariga bosim o‘tkazishga harakat qilishini qabul qila olmaymiz. Bu bosimlarga chek qo‘yish uchun Shimoliy Kipr Turk Respublikasining turkiy dunyo tomonidan aniq va kuchli tan olinishi hamda turkiy dunyo xalqaro tashkilotlarida to‘laqonli a’zolik strategiyasi bilan o‘z o‘rnini egallashi barchamiz uchun tarixiy mas’uliyatdir”, deydi u.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbari Ersin Tatar esa Markaziy Osiyo davlatlari, xususan turkiy respublikalarni Gretsiya, Yevropa Ittifoqi va Kiprdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
“Turkiy davlatlar Gretsiya tomoni bilan munosabatlarida biroz ehtiyotkor bo‘lishlari kerak. Ular Yevropa Ittifoqi bilan aloqada bo‘lishi mumkin. Yevropa Ittifoqi ittifoqdir, lekin u 800 ming aholisi bo‘lgan yunonlar suvereniteti ostida emas. Turkiy davlatlar ham Kipr yunonlari bilan aloqa o‘rnatishi mumkin, ammo ular ehtiyot bo‘lishlari kerak, chunki Kipr yunonlari o‘ynagan o‘yin butunlay boshqacha. Aslida, greklar o‘ynayotgan o‘yin g‘ayriinsoniydir. Rumlarga Kipr Turk xalqining huquq va qonunlari turkiy davlatlar tomonidan ro‘yxatga olinmaguncha kutishlari aytilishi kerak. “Kelishuv bo‘lganidan keyin yana ko‘rishamiz”, qabilida muomala qilinishi kerak, menimcha”, deydi Tatar.
Ushbu gap-so‘zlar fonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov munosabat bildirib, turkiy davlatlarning birligi va hamjihatligi uchun Markaziy Osiyo iqtisodiy qudratli mintaqaga aylanishi kerakligini aytib chiqdi. Qodirovga ko‘ra, turkiy dunyo yetarli darajada sinalib bo‘lgan, endi mustahkam ishonch ildiz otishi kerak.
“Imkoniyati bo‘lmagani uchun Turkistonni bosib olinishiga rozi bo‘lgan Turkiya, Markaziy Osiyo nima uchun Shimoliy Kipr va Qirimni alohida tarozilarda torta olmasligini to‘g‘ri tushunishi kerak”, deydi deputat.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinmasligi va u bilan hamkorlik qilmaslik tasdiqlangan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitidan bir oy o‘tib, 1-2 may kunlari Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashining 17-yig‘ilishi Shimoliy Kipr Turk Respublikasining (SHKTR) poytaxti sifatida yuritiladigan Lefkosha (Nikosiya) shahrida bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekistondan ham vakil ishtirok etdi. Tadbir ortidan 3 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga bordi.
Budapeshtdagi norasmiy sammitga kelsak, unda Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan hech kim ishtirok etmadi. Holbuki, Ersin Tatar allaqachon tashkilot sammitlarida davlat va Hukumat rahbarlari stolidan o‘rin olishni, so‘zga chiqishni boshlagan edi. Shuningdek, Turkmanistondan ham na Prezident Berdimuhamedov va na Xalq maslahati raisi – ota Berdimuhamedov ishtirok etdi. Turkmanistonning ishtirok etmasligi katta ehtimol bilan doimiy betaraflik maqomi va Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitida qabul qilingan hujjatda ham shu maqomni Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga oid bandga nisbatan ham saqlab qolgani bilan bog‘liq bo‘lsa, SHKTRning ishtirok etmasligi, katta ehtimol bilan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan Budapeshtning Ittifoqning mavjud qoidalarini bosib o‘tolmasligi, mamlakatda tan olinmagan va tan olinmasligi tasdiqlab qo‘yilgan hudud rahbariga mezbonlik qilolmasligi bilan bog‘liq. Shunday bo‘lsa-da, Yevropaning yuragida o‘tgan sammitda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomi tilga olinmadi, deb o‘ylasangiz adashasiz. Sammitda qabul qilingan hujjatlar bilan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy Akademiyada kuzatuvchi maqomini oldi. Albatta, bu katta maqom emas, akademiyaning faoliyati ham u qadar samarali kechyapti, deb aytolmaymiz. Ammo bu yerda muhim bo‘lgan jihat, Yevropa tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan hudud Yevropaning o‘zida e’tirof etilib, alqanayotgani. Qolaversa, uning nomi qo‘rqmay, baland ovozda tilga olinib, qarshiliklarga qaramay, tashkilotga qabul qilish masalasi Yevropada yangrayotgani.
“Turkiy dunyoning oilaviy fotosurati Shimoliy Kipr Turk Respublikasisiz to‘liq bo‘lmasligiga ishonamiz. Shu sababli, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy Akademiyada kuzatuvchi maqomini olishiga doir bugun sammitimizda qabul qilgan qarorimizni juda muhim qo‘shimcha qadam sifatida ko‘ryapmiz. Umid qilamanki, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tashkilotimizga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qiladigan kunni uzoq bo‘lmagan kelajakda ham ko‘ramiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Endi savol tug‘iladi: agar sammit norasmiy bo‘lsa, nega unda rasmiy hujjatlar qabul qilindi. Bu kuzatilmagan jarayon emas, albatta, biroq Budapeshtdagi yig‘inning boshqa norasmiy yig‘inlardan farqi shundaki, unga rasmiy maqom berilishi va yig‘inda SHKTR masalasining ko‘tarilishi Vengriyaning Yevropa Ittifoqidagi ishtiroki va boshqa ittifoqdoshlari bilan munosabatlariga salbiy ta’sir qilardi. Bu ma’noda Orban sammitga norasmiy maqom berish va unga SHKTRni chaqirmaslik orqali o‘zini ortiqcha intrigalardan ancha ihotalashga urindi.
Biroq Turkiy davlatlar tashkiloti Budapesht sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiyada, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan, Vengriya va Turkmaniston bilan bir qatorda TDTda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasini turkiy dunyoga to‘liq integratsiya qilish istagini tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, TDT mamlakatlari iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish niyatini tasdiqladi.
Bundan tashqari, hujjatda Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlash va bu davlatga qarshi sanksiyalarni bekor qilish, shuningdek, Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni ikki davlatning yonma-yon yashashi va falastinliklarning nafaqat Iordan daryosining G‘arbiy sohilida, balki G‘azo sektorida yashash huquqini hurmat qilish asosida hal etish talab etiladi. Uchrashuv ishtirokchilari shu maqsadda maxsus tuzilgan ishchi guruh yordamida Afg‘oniston bilan munosabatlarga umumiy yondashuvni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Sammit so‘ngida ishtirokchi davlatlar rahbarlari Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonotni ham qabul qildi.
Unga ko‘ra, Turkiy davlatlar tashkiloti Afg‘oniston Turkiy dunyo uchun qo‘shni va qardosh davlat ekanini ifoda etib, ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, umumiy tarix, din, urf-odatlar va qadriyatlar, Afg‘onistonning ko‘p millatli tarkibini, jumladan turkiylarni ham yuqori baholab, nafaqat mamlakatning boy rang-barangligiga hissa qo‘shadigan, balki o‘ziga xoslikni ham tashkil etadigan guruhlar Afg‘onistonning a’zo davlatlar va kuzatuvchilar bilan mustahkam va yaqin munosabatlari uchun ko‘prik bo‘lishi, TDT a’zolari o‘z davlatlarining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilinishini tasdiqlagan holda va BMT Nizomi qoidalariga muvofiq Afg‘onistonning milliy birligi, barchaga xizmat qiladigan va jalb etadigan boshqaruv shaklini o‘rnatish muhimligini ta’kidlab, Afg‘oniston fuqarolari va barchaning inson huquqlarini hech qanday farqsiz hurmat qilish, terrorizm tahdidini bartaraf etish va mustahkamlash muhimligini bildirib, terrorizmga qarshi kurashni muvofiqlashtirish, shu bilan birga de-fakto hokimiyatning sa’y-harakatlarini qayd etish, Afg‘onistonda xavfsizlikni yaxshilash, ko‘knoriga kiritilgan taqiqni amalga oshirishda sezilarli yutuqlarga erishilganini qayd etib, yetishtirish va Afg‘onistonda narkotik moddalar ishlab chiqarish, savdosi cheklash bo‘yicha keyingi sa’y-harakatlar zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi.
Liderlar Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatdan jiddiy xavotirda ekanliklarini bildirib, xalqaro hamjamiyat tomonidan insonparvarlik yordami ko‘rsatishni davom ettirish zarurligini ta’kidlab, mamlakatdagi iqtisodiy sharoitning yaxshilanishi afg‘on xalqiga, jumladan, ko‘chirilgan afg‘onlarning ixtiyoriy ravishda vataniga qaytarilishi va ularning barqaror reintegratsiyasiga ko‘maklashish orqali foyda keltirishini qayd etdi.
Shu o‘rinda yana bir masalaga e’tibor qaratish lozim. Turkiy davlatlar tashkilotining sammitlari unda birinchi xonimlarning ishtirok etishi bilan ham boshqa tadbirlardan farqli ko‘rinish oladi. Davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik kabi o‘nlab masalalar, jahonda sodir bo‘layotgan urushlarni muhokama qilayotgan bir paytda birinchi xonimlar bir stol atrofiga jamlanib choy ichishi, liboslar, milliy buyumlar, tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmalarida, ekologiya, nogironligi bor shaxslar, bolalar va ayollar huquqlari kabi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda ishtirok etishi odat tusiga kirgan. Bunday tadbirlarda Turkiya Prezidentining rafiqasi Emina Erdo‘g‘an va O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva boshqalardan ancha faol. So‘nggi vaqtlarda ular qatoriga Qirg‘iziston birinchi xonimi Oygul Japarova ham qo‘shilgan. Bu safar sammitga faqat Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi Mehribon Aliyevani olib kelmadi. To‘qayev esa hech qachon hech qayerga turmush o‘rtog‘ini olib bormagan. Garchi Orban, Mirziyoyev, Erdo‘g‘an, Japarovning rafiqalarida Budapeshtda bo‘lsa-da, ular hech joyda birgalikda ko‘rinish bermadi. Yo ular uchrashmagan, yo bu galgi uchrashuvlar kameralarsiz o‘tgan. Faqatgina Turkiya Prezidenti saytida e’lon qilingan bitta suratda Vengriya davlat operasida o‘tkazilgan madaniy tadbirda Emina Erdo‘g‘an, Oygul Japarova va Aniko Levai turmush o‘rtoqlariga hamrohlik qilganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Prezidenti va uning rafiqasi bu tadbirda ishtirok etgan-etmagani haqida aniq ma’lumot va suratlar yo‘q.
Yana shunga ham alohida to‘xtalib o‘tish o‘rinliki, Budapeshtda mehmon bo‘lgan Prezidentlarning Bosh vazir Viktor Orban bilan tor va kengaytirilgan doiralarda uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Biroq hech bir Prezident o‘zaro yakkama-yakka uchrashuvlarda ishtirok etmadi. Qolaversa, matbuot xizmatlari prezidentlarning avvalgidek o‘zaro samimiyati, rasmiy tadbirlardan tashqaridagi suhbatlari aks etgan kadrlarni e’lon qilmadi.
Live
Barchasi