Shimoliy va Janubiy Koreyani birlashtirishning yangi rejasi ishlab chiqiladi
Olam
−
27 yanvar 2023
14658Janubiy Koreya Respublikasi Birlashish vazirligi bugun, 27 yanvar kuni Shimoliy va Janubiy Koreyani birlashtirishning o‘rta va uzoq muddatli yangi rejasini shu yil ichida ishlab chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda tashkilotning 2023 yilga mo‘ljallangan maqsadlariga bag‘ishlangan hisobotida xabar berildi.
Qayd etilishicha, “Birlashish bo‘yicha yangi kelajak tashabbusi” deb nomlanuvchi rejani shakillantirish uchun yilning birinchi yarmida jamoatchilik va mutaxassislarning fikri o‘rganiladi. Janubiy Koreya hukumati reja erkinlik, inson huquqlari, ochiqlik va muloqot kabi umuminsoniy qadriyatlarga asoslanishi hamda tinch, demokratik birlashishga qaratilishini ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, rejaga kiritiladigan vazifalar orasida Janub va Shimol o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga ko‘maklashish ham nazarda tutilgan.
“Hozirda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Koreyalararo munosabatlardan chiqish uchun biz Shimol bilan jamoat va xalqaro tashkilotlar orqali ham bevosita, ham bilvosita aloqalarni o‘rnatishga intilamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, Janubiy Koreya Prezidenti ma’muriyati tomonidan fuqorolar orasida birlashishga to‘g‘ri qarashni shakllantirish, Shimoliy Koreyada esa inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash rejaga kiritiladigan eng ustuvor vazifalar qatoriga kiradi.
Bundan tashqari, Birlashish vaziri Kvon Yong Se uning idorasi o‘tgan yili Koreyalararo munosabatlarda ko‘plab qiyinchiliklar bo‘lgani va bu yil ham davom etishi kutilayotganiga qaramay, yadrosiz, tinch va farovon Koreya yarim orolini yaratishga tayyorligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Birlashish vazirligi Koreya hukumatining Koreya birlashuviga yordam berishga qaratilgan ijroiya bo‘limi hisoblanadi. U birinchi marta 1969 yilda Park Chung Xi boshqaruvi ostida Milliy birlashma kengashi sifatida tashkil etilgan. 1998 yilda esa vazirlik maqomini olgan va hozirgacha Koreyalararo muloqot, almashinuv va hamkorlikni rivojlantirishda katta rol o‘ynab kelmoqda.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi