Shimoliy Koreyaning sobiq tashqi ishlar vaziri qatl etilgani aytilmoqda
Olam
−
05 yanvar 2023
7776Shimoliy Koreyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Li Yon Xo va boshqa to‘rt-beshta Shimoliy Koreya diplomati 2022 yilning yozi yoki kuzida qatl etilgan. Bu haqda Yaponiyaning “Yomiuri” gazetasi o‘z manbalariga tayanib yozmoqda.
Li Yon Xo 2016 yildan 2020 yilgacha KXDR tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.
Nashr manbalariga ko‘ra, diplomatlarning qatl etilishi sabablaridan biri Li Yon Xo va boshqa bedarak yo‘qolgan diplomatlar turli vaqtlarda ishlagan KXDRning Britaniyadagi elchixonasi ishidagi ma’lum “muammo” bo‘lishi mumkin.
Yomiuri’ning manbalaridan biri ta’kidlaganidek, KXDR rasmiylari xorijdagi o‘z diplomatlarini kuzatishni kuchaytira boshlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qatl etilgan amaldorlarga yaqin bo‘lgan bir qancha diplomatlar o‘zlari ham tez orada “tozalanishi” mumkinligidan xavotir bildirgan.
Janubiy Koreya hukumati “Yonhup” axborot agentligiga o‘z kanallari orqali qatllar haqidagi ma’lumotlarni tekshirishlarini aytgan.
KXDR Tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qilishdan avval Li Yon Xo mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘lib ishlagan va Shimoliy Koreya yadro dasturi bo‘yicha olti tomonlama muzokaralarda mamlakat vakili bo‘lgan. “Yonhup”ga ko‘ra, Li Yon Xo Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi 2018 va 2019 yillardagi sammitlarni tashkil etishda ham “asosiy rol o‘ynagan”.
Ma’lumot o‘rnida, u 2020 yilda lavozimidan chetlashtirildi. Li Song Gvon KXDRning yangi tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi, uning o‘rniga 2022 yil iyun oyida Choy Song Xe tayinlandi.
LiveBarchasi