Shimoliy Koreyada jangga kirishni xohlovchilar soni 1,4 milliondan oshdi
Olam
−
20 mart 2023
8526Avval xabar qilganimizdek, Shimoliy Koreyada bir kun ichida 800 mingga yaqin yoshlar armiyaga qo‘shilish uchun ariza bergan edi. Endilikda ularning soni yanada ortib, 1,4 millionga yetdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shimoliy Koreyada yoshlar “AQSH imperialistlari va ularning sotqin janubiy koreyalik qo‘g‘irchoqlari”ga nisbatan g‘azab va dushmanlik tufayli harbiy xizmatga kirishga intilmoqda. Mamlakat bo‘ylab ko‘ngillilar soni kundan-kunga ortib bormoqda va ular AQSH va Janub bilan jangda bir asrlik g‘alabaga erish niyatida. Yoshlarning armiyada xizmat qilishga intilishi go‘yoki “Vatanga issiq mehr va dushmanga sovuq nafrat” bilan kuchayib, yosh avloddagi vatanni himoya qilish ishtiyoqini namoyon etgan. Respublikada ana shunday kishilar uchun ommaviy yig‘inlar uyushtirilgan.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreyaning 26 million kishilik aholisining 1,2 millionini harbiy xizmatchilar tashkil etadi. KXDRda harbiy xizmat majburiy bo‘lib, unga 17 yoshga to‘lgan erkaklar va ayollar chaqiriladi. Ayollar uchun harbiy xizmat muddati uch yil, erkaklar uchun 10 yil hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 mart kuni AQSH va Janubiy Koreya harbiylari “Ozodlik qalqoni” deb ataluvchi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini boshlagan edi. Bu mashg‘ulotlar Shimoliy Koreya tahdidlariga qarshi qaratilgan bo‘lib, 11 kun davom etishi rejalashtirilgan. Bunga javoban Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasini uchirgan edi.
LiveBarchasi