Shimoliy Koreya tahdidi fonida AQSH va Yaponiya qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi
Olam
−
20 fevral 2023
5469Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketani Yapon dengizi uzra uchirganidan bir kun o‘tib, kecha, 19 fevral kuni Yaponiya va AQSH qo‘shma havo mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Bu haqda Yaponiya Mudofaa vazirligiga tayanib, “Kyodo” axborot agentligi xabar berdi.
AQSH Qurolli kuchlari, shuningdek, o‘sha kuni Janubiy Koreya harbiylari bilan alohida qo‘shma havo mashqlarini ham o‘tkazgan.
Vazirlik qo‘shma shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda Yaponiya Havo mudofaa kuchlariga qarashli uchta F-15 qiruvchi samolyoti hamda AQSHning to‘rtta F-16 qiruvchi samolyoti va ikkita B-1B strategik bombardimonchi samolyoti ishtirok etgan.
Janubiy Koreya harbiylari mashg‘ulotlar davomida AQSHning B-1B bombardimonchi samolyoti va Janubiy Koreyaning F-35A yashirin qiruvchi samolyotlari tarkibda uchganini ma’lum qildi.
Janubiy Koreya Bosh shtab boshliqlari qo‘mitasi bayonotida ta’kidlanishicha, mashg‘ulotlar Vashington-Seul alyansining mudofaa qobiliyatining ulkanligini ko‘rsatgan va ularda operatsion imkoniyatlar yaxshilangan.
Ta’kidlanishicha, mashg‘ulotlar Shimoliy Koreyaning yaqin orada navbatdagi yadroviy raketa sinovini o‘tkazishi mumkinligi borasidagi xavotirlar fonida o‘tkazilmoqda.
Koreya markaziy axborot agentligining xabar berishicha, joriy yilning 18 fevral kuni uchirilgan raketa Yapon dengizidagi ochiq suvlarga yetib borgunga qadar qariyb 1000 kilometr masofani bosib o‘tgan. Yaponiya hukumatiga ko‘ra, raketa Xokkaydo yaqinidagi eksklyuziv iqtisodiy hududga kelib tushgan bo‘lishi mumkin.
Yaponiya mudofaa vaziri Yasukazu Hamada Shimoliy Koreya uchirgan raketa normal trayektoriya bo‘yicha potensial ravishda 14 000 km dan ortiq masofani bosib o‘tishi va AQSH materikining istalgan nuqtasiga zarba berishi mumkinligini aytdi.
Pxenyan Yapon dengizi uzra raketa uchirilishi Shimoliy Koreyaning ushbu quroli qay darajada ishonchli ekanini ko‘rsatish maqsadida uyushtirilganini ta’kidladi.
Tokio, Vashington va Seul Pxenyan yettinchi yadro sinovini o‘tkazishga tayyorlanayotganidan xavotirda va ular mamlakat ustidan nazoratni kuchaytirmoqda.
LiveBarchasi