Shimoliy Kipr TDTga kuzatuvchi sifatida kirgan. Omuraliyev Norovning bayonotini rad etmoqda

Olam

image

Shimoliy Kipr Turk Respublikasining (SHKTR) Turkiy Davlatlar Tashkilotida (TDT) kuzatuvchi sifatida tan olinishi turkiy dunyoning yaqinlashuvi yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu haqda TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev “Anadolu” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

Turkiy davlatlar tashkilotining 16 noyabr kuni lavozimini rasman egallagan Bosh kotibi yuqoridagi gaplari bilan Turkiyadan boshqa hech bir mamlakat tan olmagan SHKTRning TDTga kuzatuvchi bo‘lib kirganini tasdiqladi va bungacha SHKTRning TDTga kuzatuvchi sifatida qabul qilinmagani haqida berilgan barcha bayonotlar, jumladan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning chiqishini ham rad etdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashabbus tashkilot yetakchilarining Samarqandda bo‘lib o‘tgan IX sammitida e’lon qilingan va ma’qullangani butun dunyo uchun muhim xabarga aylandi. 

Bosh kotib, Kipr turklari turkiy dunyoning “ajralmas qismi” ekanini ta’kidladi. 

“Boshqa a’zo va kuzatuvchi davlatlarimiz singari, mintaqamizda ham, global darajada ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bilan hamkorlikni davom ettiramiz”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqandda bo‘lib o‘tgan so‘nggi sammitning alohida qabul qilingan har bir qarori, jumladan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga TDT kuzatuvchi-mamlakati maqomini berish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. 

Bosh kotib turkiy tilli davlatlarning qudrati va imkoniyatlarini yanada mustahkamlashga umid bildirdi.

Bir-birini rad etuvchi bayonotlar

Turizm va madaniyatdan xavfsizlikkacha, chegara va noqonuniy migratsiyadan tortib, bojxona va transport yo‘laklarigacha bo‘lgan mavzular muhokama qilingan Samarqand sammitida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an dunyo mamlakatlarini hayratda qoldirgan bayonot bilan chiqdi. U o‘z nutqida Turkiyadan tashqari dunyoning hech bir mamlakati tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytdi va buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi. 

“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini [Turkiy davlatlar] tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik. Ushbu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz, aziz birodarlarimning har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman”, deydi Erdo‘g‘an.

Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Erdo‘g‘anning aytganlariga tayanib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgani haqidagi xabarni Twitter’dagi sahifasi orqali bo‘lishdi. Vazir, Anqaraning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iyligini ta’kidlagan.

Turkiya rasmiylari tomonidan berilgan ikki bayonotdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganini rad etib chiqdi. 

“Sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi. O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qiladi.

Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Norov.

Biroq, ommaviy axborot vositalari Vladimir Norovning bayonotidan qoniqish hosil qilgani yo‘q. Ayniqsa, xorijiy media allaqachon Turkiy davlatlar tashkiloti Shimoliy Kipr Turk Respublikasini Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga zid ravishda tan olishda ayblamoqda. 

Gretsiya esa Shimoliy Kipr haqidagi bayonotlarni allaqachon qoralashga tushdi. 

Gretsiya Turkiya rasmiylarining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomi berilishi haqidagi bayonotlarini qoralaydi. Bu haqda Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi 11 noyabr kuni tarqatgan bayonotida aytiladi. 

"Biz turk rasmiylarining soxta davlatning Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lganligi haqidagi bayonotlarini qoralaymiz. Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham bu borada tegishli xabar tarqatdi. Har qanday psevdodavlat maqomini oshirishga urinish xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 541 va 550-sonli rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, deyiladi hujjatda. 

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gretsiyaning pozitsiyasi barqaror va o‘zgarmasdir.  

“Biz Kipr muammosining BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga asoslanadigan va Yevropa qonunchiligiga mos keladigan adolatli va barqaror yechimga erishish, ya’ni ikki jamoali, ikki hududli federatsiya tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya ta’kidladi vazirlik.

Gap shundaki, Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qoldi.

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

76

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing