Shifokorlarning aybi bilan fuqaro 15 kun komada yotib, vafot etdi
Jamiyat
−
19 avgust 2020
18671Qoraqalpog‘istonda shifokorlarning bee’tiborligi sabab bir fuqaro 15 kun davomida koma holatida yotib, vafot etdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, joriy yilning 26 iyul kuni soat 16:00 larda To‘rtko‘l tumanida yashovchi fuqaro I.S spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda uyiga keladi va oila a’zolari bilan o‘zaro janjallashib qoladi. Janjalni tinchitish maqsadida uning turmush o‘rtog‘i Ch.X tuman IIBga qo‘ng‘iroq qiladi.
Fuqaro Ch.X.ning chaqiruviga asosan tuman IIB profilaktika inspektorlari M.J va M.D.lar voqea joyiga yetib kelishgan va I.S.ni tuman IIBning tayanch punktiga olib ketishgan.Tayanch punktida fuqaro I.S ko‘ngli behuzur bo‘layotganligini aytganligi uchun profilaktika inspektori tomonidan uning ayoli va tez-tibbiy yordam chaqirilgan.
Qayd etilishicha, To‘rtko‘l tumani tibbiyot birlashmasiga keltirilgan I.S. behush holatida bo‘lsa-da, shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmagan. Bunga uning spirtli ichimlik iste’mol qilish natijasida mast bo‘lgani va uxlab qolgani ro‘kach qilinib, shu kuni qorindoshlari orqali uyiga ruxsat berib yuborilgan.
Natijada behush bo‘lgan, koma holatidagi fuqaro I.S. uyida ham o‘ziga kelmagani sababli ertasi kuni yana tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilib, tibbiyot birlashmaning jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi. Fuqaro 11 avgustgacha o‘ziga kelmasdan, shifoxonada vafot etadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro I.S.ning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ushbu holat bo‘yicha To‘rtko‘l tuman prokuraturasi tomonidan bugun, 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi