Vazir Nuroboddagi ta’mirga muhtoj maktablar bilan shaxsan tanishdi

Jamiyat

image_2020-09-05_20-24-58

Samarqand viloyatida maktablardagi ahvol va o‘quvchilarning ta’lim jarayoni qoniqarli holatda emas. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hududdagi maktablarning o‘quv yiliga tayyorgarligini ko‘zdan kechirib, shunday xulosaga keldi. Bu haqda XTV Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyatning Nurobod tumanida 76 ta umumta’lim maktab mavjud. Ularda 32 119 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Tumandagi 436 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 13-umumta’lim maktabi binosi 1980 yilda qurilgan. Maktab binosi va uning sport zallari ahvoli qoniqarsiz holda. Ushbu zallarning pol qismining yog‘ochlari yaroqsiz holga kelgan. Maktab kutubxonasi juda tor va moslashtirilmagan xonada joylashgan. 

Xalq ta’limi vaziri ota-onalar bilan uchrashuvda tuman o‘quvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish darajasi juda past ekanligini ta’kidlagan.

“O‘tgan yilgi Milliy reyting natijalariga ko‘ra, Nurobod tumani maktablari bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari respublikada oxirgi o‘rinlarda. Afsuski, bu Nuroboddagi maktablarda ta’lim-tarbiya jarayonlari o‘z holiga tashlab qo‘yilganligini bildiradi. Albatta, bunday salbiy holatga qarab turmaymiz”, dedi Sherzod Shermatov.

Maktablardagi ayrim sinfxonalarning pol qismi sifatsiz ta’mirlangani vazirning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i nazorati ostida quruvchi tashkilot tomonidan bir hafta muddatda ushbu sinfxonalarning pol qismini qayta qurish vazifasi topshirilgan.

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

210

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing